“Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili doirasida Urgut tumanida kapsula uylar loyihasi bo‘yicha amaliy ishlar boshlandi


Photo

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-yanvardagi PF-16-sonli qarori — “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq, yurtimizning turizm salohiyati yuqori bo‘lgan hududlarida ekologik toza va zamonaviy turizm infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha qator vazifalar belgilab berilgan. Jumladan, tog‘li hududlar, suv omborlari va daryo bo‘ylarida “apart-otel”, “kapsula” uylar hamda shu kabi joylashtirish vositalaridan iborat zamonaviy turizm majmualarini tashkil etish bo‘yicha aniq topshiriqlar berilgan bo‘lib, bu yo‘nalishdagi ishlar viloyatlarda bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.

Shu munosabat bilan, Samarqand viloyati Turizm boshqarmasi, Urgut tumani hokimligi hamda  tashabbuskorlar bilan hamkorlikda Urgut tumanining turizm salohiyati yuqori bo‘lgan tog‘li hududlarida joyiga chiqqan holda o‘rganish ishlari olib borildi. O‘rganishlar davomida hududning tabiiy sharoitlari, ekologik imkoniyatlari va mavjud infratuzilma holati tahlil qilindi. Xususan, kapsula uylar uchun qulay joylar aniqlanib, ularni joylashtirishda ekologik xavfsizlik va sayyohlar uchun qulaylik kabi mezonlarga alohida e’tibor qaratildi.

Ushbu kapsula turidagi joylashtirish vositalari, eng avvalo, ekologik toza materiallardan foydalanilganligi, kam joy egallashi va tabiiy muhitga zarar yetkazmasligi bilan ajralib turadi. Shu bois, ularning tog‘li hududlarda tashkil etilishi mahalliy va xorijiy sayyohlar uchun katta qiziqish uyg‘otishi kutilmoqda.