Bugun, 2-yanvar kuni Samarqand xalqaro aeroportida “tax free” xizmat ko‘rsatish markazi ishga tushdi.
2023-yil 1-yanvardan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 8 noyabrdagi 653-sonli qaroriga asosan chet davlat fuqarolari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi hududidan chiqib ketishda avval xarid qilingan tovarlar uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarish tizimini joriy etildi.
Chet davlat fuqarolariga qaytariladigan QQS summasini hisobga olish va uni qaytarish soliq organlarining maxsus mobil ilovasi orqali amalga oshiriladi.
Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi “Soliq Servis” davlat unitar korxonasi “tax free” tizimi operatori sifatida belgilandi.
Qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarish tizimi tatbiq etiladigan tovarlar ro‘yxatiga mevalar va yong‘oqlar, parfyumeriya, kosmetika yoki go‘zallik mahsulotlari, teri mahsulotlari, keramik mahsulotlar, gilamlar va boshqalar kiradi.