Bugun,  "Movenpick" mehmonxonasida  “Turizm zakovati” intellektual o‘yini bo‘lib o‘tdi.


Photo

Bugun,  "Movenpick" mehmonxonasida  “Turizm zakovati” intellektual o‘yini bo‘lib o‘tdi.  

Unda faoliyati turizm bilan bog‘liq  12 ta jamoa, jumladan, turizm boshqarmasi, madaniy meros boshqarmasi, Registon ansambli, Hadis ilmi maktabi jamoalari, shuningdek, oliy ta’lim muassasalarining bir nechta jamoalari ishtirok etdi.

G‘oliblarni taqdirlash marosimida Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari Rustam Qobilov hamda viloyat turizm boshqarmasi rahbariyati ishtirok etdi.

– Mamlakatimizda “Zakovat” intellektual o‘yini juda mashhur, – dedi o‘z tabrik so‘zida  R.Qobilov. – Bugun turizm bilan bog'liq jamoalar o'rtasidagi ilk o'yin bo'lib o'tdi. “Turizm zakovati” muntazam tadbirga aylanishi kerak, deb hisoblayman, chunki bu o‘yin yoshlarning kuch-g‘ayratini ijobiy tomonga yo‘naltiradi va umumiy qiziqishlar asosida rivojlanish imkoniyatini beradi.

Eng zukko va bilimdon jamoa Samarqand iqtisodiyot va servis institutining “LEGION” jamoasi ekanligi aniqlandi, u bosh sovrin – 3 million so‘mlik kitoblar xarid qilish uchun vaucher bilan taqdirlandi.

Ushbu intellektual o‘yinda ikkinchi o‘rinni ham Samarqand iqtisodiyot va servis institutining “METAMARFOZ” jamoasi egalladi.

Intellektual bahsda uchinchi o‘rin Xalqaro turizm va madaniy meros universitetining “SILK ROAD” jamoasiga nasib etdi.