Bugun “Silk Road Samarkand” turistik markazida «Hilton Samarkand Regency» mehmonxonasining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.


Photo

Bugun  “Silk Road Samarkand” turistik markazida «Hilton Samarkand Regency» mehmonxonasining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Ochilish marosimida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov, Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari Rustam Qobilov, turizm biznesi va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

– Keyingi yillarda O‘zbekiston turizm bozoriga “Hilton”, “InterContinental”, “Hyatt”, “Radisson”, “Minyoun”, “Movenpick”, “Wundham”, “Ramada”, “Accor” va boshqa jahonga mashhur mehmonxona tarmoqlari kirib keldi. Buning zamirida, albatta, davlatimiz rahbari rahnamoligida turizm sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar mujassam, – dedi Aziz Abduhakimov o‘z tabrik so‘zida.

Zamonaviy “Hilton Samarkand Regensi” mehmonxonasi turli toifadagi 232 ta keng xonalarni taklif etadi, ulardan 26 tasi suitlardir.

Mehmonxonaning har bir xonasidan eshkak eshish kanali, tog‘ cho‘qqilari, Samarqandning gumbazlari va “Boqiy shahar” tarixiy-etnografik bog‘ining go‘zal manzarasi ochiladi.

Tadbirlar uchun “Hilton Samarkand Regensi” mehmonxonasida umumiy sig‘imi 880 kishiga mo‘ljallangan uchta ko‘p funksiyali konferentsiya zallari mavjud.

Shuningdek, lobbi barlar, ikkita restoran va mehmonxonaning 20-qavatida joylashgan ajoyib manzarali tungi lounge bar uslubidagi eng baland restoran mavjud.

Mehmonlar Hilton Samarkand Regency mehmonxonasida istiqomat qilish vaqtida sauna, hamam, issiq vanna va dam olish maskaniga ega Nephrite Spa & Wellness majmuasidan foydalanishlari mumkin.