Buxoro viloyati vakillari Konigil turizm qishlogʻida tajriba almashishdi

Mamlakatimizda turizm sohasini rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari sifatida anʼanaviy hunarmandchilik, milliy qadriyatlarni asrab-avaylash va ekoturizmni rivojlantirishga qaratilgan loyihalar davlat tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanmoqda. Turizm qishlogʻi va turizm mahallalari ana shunday loyihalardan boʻlib, hukumat tomonidan qabul qilinayotgan qaror va qonun hujjatlariga muvofiq, bunday qishloqlarni rivojlantirishga imtiyozli kreditlar ajratish, infratuzilmani yaxshilash va mahalliy tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash kabi chora-tadbirlarga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Bugun Buxoro viloyatining tuman hokimlari o‘rinbosarlari, Turizm boshqarmasi xodimlari hamda Turizm mahallalari vakillari mamlakatimizda birinchilardan boʻlib tashkil etilgan Samarqand viloyatidagi Konigil turizm qishlog‘iga tajriba almashish va oʻrganish maqsadida tashrif buyurishdi. Buxorolik mehmonlar bu yerda turizm infratuzilmasi, anʼanaviy hunarmandchilik va mahalliy tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishishdi.
Shuningdek, tashrif davomida mehmonlarga qadimiy usulda Samarqand qog‘ozini tayyorlash, anʼanaviy usulda zig‘ir yog‘i ishlab chiqarish hamda hunarmandchilik mahsulotlari tayyorlash bo‘yicha master-klasslar namoyish etildi.