G‘avsul A’zam qadamjosi - Samarqanddagi mo’jizaviy ziyoratgoh

Urgut tumanidagi G‘avsul A’zam ziyoratgohi ko‘pchilikni o‘z tarixi va mo‘’jizaviy voqealari bilan o‘ziga jalb qiladi. Rivoyatlarga ko‘ra, bu maskan Bag‘dodda yashagan buyuk avliyo Sayyid Abdulqodir G‘iloniyning karomati bilan bog‘liq.
Bir zamonlar Bag‘dodda ilm o‘rgangan urgutlik qiz pirining ruxsati bilan vataniga qaytadi. Bir kuni tog‘da unga bir yigit tajovuz qilishga uringanida, qiz piri G‘avsul A’zamdan madad so‘raydi. Shu paytda Bag‘dodda bo‘lgan avliyo osmonga kovushini otadi va u mo‘’jizaviy tarzda cho‘pon yigitning yuziga kelib tushib, qizni qutqaradi.
Bu hodisadan so‘ng qiz tushida pirini ko‘radi va u kovush kelib tushgan joy ziyoratgohga aylanishini aytadi. Shu yerdan chashma otilib chiqadi va "Rahmat chashmasi" nomini oladi. Bugungi kunda bu joyga kelganlar ruhiy poklik va ijobat tilab ziyorat qiladilar.
Mustaqillikdan so‘ng ziyoratgoh qayta tiklanib, maqbara va masjid barpo etildi. Bu yerda qishloq tarixi muzeyi tashkil qilinib, qishloqda yashab o‘tgan ziyolilar, aholining turmush-tarzi, hayotiga oid eksponatlar joy olgan.