Indoneziya delegatsiyasining Samarqandga tashrifi: ilmiy-madaniy va turizm sohasida hamkorlik istiqbollari

Oʻzbekiston va Indoneziya oʻrtasidagi munosabatlar uzoq tarixiy, madaniy va ilmiy aloqalarga asoslangan. Ikki mamlakatni nafaqat iqtisodiy va diplomatik manfaatlar, balki islom ilmi va maʼnaviy merosni keng targʻib qilishga boʻlgan intilish ham bogʻlab turadi. Xususan, Imom Buxoriy ilmiy merosi Indoneziyada ham katta hurmat bilan oʻrganilib, bu borada ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda. Soʻnggi yillarda ikki davlat oʻrtasidagi hamkorlik taʼlim, madaniyat va turizm sohalarida yanada rivojlanib, oʻzaro tashriflar va qoʻshma loyihalar orqali mustahkamlanmoqda.
Shu munosabat bilan, bugun, 20-fevral sanasida Indoneziyaning yetakchi diniy universitetlari professor-olimlari, OAV va sayohat tashkilotlari vakillaridan iborat nufuzli delegatsiya Samarqandga tashrif buyurdi. Tashrif doirasida Samarqand viloyati hokimining o‘rinbosari R.Qobilov va delegatsiya a'zolari o'rtasida rasmiy uchrashuv bo'lib o'tdi. Uchrashuv davomida ikki davlat o‘rtasidagi ilmiy, madaniy va ta’lim sohalaridagi hamkorlik, shuningdek, ziyorat turizmi yoʻnalishi istiqbollari muhokama markazida bo'ldi.
Uchrashuvda Indoneziya delegatsiyasi tomonidan “1000 Lights of Indonesia for Amirul Mukminin Fil Hadith” tashabbusi taqdim etildi. Bu tashabbusning asosiy maqsadi – buyuk muhaddis Imom Buxoriy ilmiy merosini keng o‘rganish, Indoneziya va O‘zbekiston o‘rtasidagi ilmiy hamkorlikni mustahkamlash hamda Imom Buxoriy nomiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy tadbirlarni tashkil etishdan iborat.
2025-yilning oktabr oyida Samarqandda Imom Buxoriy merosini o‘rganish bo‘yicha Indoneziya va O‘zbekiston olimlari ishtirokida yirik xalqaro anjuman o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Indoneziya tomoni shu munosabat bilan Samarqandda Sukarno bog‘i (Indoneziya Respublikasining birinchi prezidenti I.Soekarno) va kutubxonasini qurish taklifi bilan chiqmoqdalar.
Shuningdek, uchrashuvda indoneziyalik yetakchi sayyohlik kompaniyalari bilan ikki mamlakat o'rtasida ziyorat turizmini rivojlantirish istiqbollari to'g'risida fikr almashildi. Xususan, ular tomonidan har yili 1000 nafar indoneziyalik talabalar va tadqiqotchilarining Samarqandga tashrifini amalga oshirish taklifi berildi.