Indoneziya turizm forumi: O‘zbekiston va Indoneziya o‘rtasidagi hamkorlik yangi bosqichda

Bugun, 24-fevral kuni Samarqand shahridagi Movenpick mehmonxonasida O‘zbekiston va Indoneziya o‘rtasidagi turizm aloqalarini mustahkamlash maqsadida muhim tadbir – O‘zbekiston-Indoneziya turizm forumi bo‘lib o‘tdi. Unda ikki mamlakatning turizm sohasi vakillari, turoperatorlar va ommaviy axborot vositalari ishtirok etdilar.
Tadbirning rasmiy ochilish qismida Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari Rustam Qobilov so‘zga chiqib, mehmonlarni qadimiy va navqiron Samarqand shahrida qutladi. U o‘z nutqida Samarqandning boy tarixi, madaniy merosi va so‘nggi yillarda turizm infratuzilmasini rivojlantirish borasida amalga oshirilgan islohotlar haqida to‘xtaldi. Shuningdek, O‘zbekiston va Indoneziya o‘rtasidagi turizm sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga tayyor ekanliklarini bildirdi.
Indoneziyaning O‘zbekistondagi muvaqqat ishlar vakili Sintiya Krishtianu Sayeh xonim ham nutq so‘zlab, Indoneziyaning turizm salohiyati, boy madaniy xilma-xilligi va O‘zbekiston bilan turizm aloqalarini rivojlantirishga qaratilgan rejalar haqida gapirdi. U, shuningdek, so‘nggi yillarda ikki mamlakat o‘rtasidagi sayyohlar oqimi sezilarli darajada oshganini qayd etdi.
Xususan, Indoneziya Markaziy statistika agentligi (BPS) maʼlumotlariga koʻra, 2024-yilda Indoneziyaga Oʻzbekistondan kelgan sayyohlar soni 8 130 nafarni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich 2023-yilga nisbatan 53,89 foizga oshdi. Boshqa tomondan, Oʻzbekiston Turizm qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, soʻnggi uch yil ichida Oʻzbekistonga kelgan Indoneziya sayyohlarining soni sezilarli darajada oshgan. 2024-yil yanvar-avgust oylarida bu ko‘rsatkich 5 065 nafarni tashkil etib, 2023-yilga nisbatan 10,22 foizga oshgan, 2022-yilga nisbatan esa ulkan 806 foizlik oʻsish kuzatilgan (2022-yilda bu raqam atigi 559 kishi edi).
Forum davomida Indoneziyaning yirik media kompaniyalari O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishga katta qiziqish bildirdi. Xususan, Khatamedia kompaniyasi Indoneziyada O‘zbekiston turizmini targ‘ib qilish bo‘yicha faol ish olib borayotganini ta’kidladi. Indoneziyada hozirda 517 ta kinoteatr joylashgan bo‘lib, 2145 ta ekran mavjud, bo‘lib Indoneziya tomoni ijtimoiy tarmoqlar va media platformalar orqali O‘zbekistonning madaniy va turistik salohiyatini keng targ‘ib qilishga tayyor ekanligini ma’lum qildi.
Shuningdek, Tobali Films kompaniyasi O‘zbekistonda suratga olinadigan yangi badiiy film ustida ish boshlashni rejalashtirgan bo‘lib, Indoneziyaning mashhur yozuvchisi Asma Nadia tomonidan yozilgan "Catatan Hati Pengantin" ("Kelin yuragi kundaligi") romani asosida suratga olinadigan ushbu film O‘zbekistonning betakror go‘zalligi va boy madaniy merosini butun dunyoga tanitishga xizmat qiladi.
Indoneziya tomonidan bildirilgan bu kabi tashabbuslar kelgusida ikki davlat o‘rtasidagi madaniy va turistik aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Forum doirasida B2B uchrashuvlari tashkil etilib, unda mahalliy va xorijiy turizm sohasi vakillari o‘zaro hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qildilar. Xususan, Samarqand va Jakarta shaharlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish, qo‘shma turistik mahsulotlar yaratish va ziyorat turizmini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Mazkur forum O‘zbekiston va Indoneziya o‘rtasidagi turizm sohasidagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish, madaniy almashinuvni kuchaytirish va iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash yo‘lida muhim qadam bo‘lishiga ishonamiz.