“IPAK YO‘LIDA TURIZM” 29 - TOSHKENT XALQARO TURIZM YARMARKASI O‘Z ISHINI BOSHLADI

Bugun Toshkent shahridagi “Central Asian Expo Uzbekistan” majmuasida “Ipak yo‘lida turizm” 29-Toshkent xalqaro turizm yarmarkasiga start berildi . Osiyo va Yevropaning qator mamlakatlarining turizm vakillari ishritirok etayotgan ushbu tadbir yil sayin mintaqadagi sayyohlik sohasining eng ilg‘or imkoniyatlarini ochib beruvchi muhim platforma bo‘lib kelmoqda.
Samarqand viloyati bu yil ham o‘zining boy madaniy merosi, noyob me’moriy obidalari va yangi turizm yo‘nalishlarini namoyish qiluvchi stendlar bilan yarmarkada ishtirok etmoqda. Tadbirga tashrif buyurgan mehmonlar Samarqanddagi zamonaviy mehmonxonalar, xalqaro aeroport imkoniyatlari, shuningdek, viloyatga sayohat qilishning qulayliklari haqida batafsil ma’lumot olish imkoniga ega bo‘lmoqdalar. Folklor jamoalarining jonli chiqishlari esa tadbirga o‘zgacha ruh bag‘ishlamoqda.
Yarmarka davomida Samarqand delegatsiyasi turli mamlakatlarning turizm tashkilotlari bilan muzokaralar olib borishi rejalashtirilgan. Bu esa kelgusida xalqaro hamkorlikni kengaytirish va viloyatga sayyohlar oqimini oshirish uchun zamin yaratadi.