Malayziyada O‘zbekiston-Malayziya turizm forumi bo'lib o'tdi

Xabaringiz bor, shu kunlarda Samarqand viloyati delegatsiyasining Indoneziya va Malayziyaga rasmiy tashrifi amalga oshirilmoqda. Tashrif davomida o‘tkazilayotgan turizm forumlari, muzokaralar va madaniy tadbirlar viloyatimizning turizmi salohiyatini xalqaro maydonda keng targ‘ib etishga xizmat qilmoqda.
Tashrifning navbatdagi manzili Malayziya poytaxti Kuala-Lumpur shahri bo‘ldi. Mamlakatning muhim iqtisodiy, savdo-moliya va siyosiy markazi bo'lgan ushbu shaharda joriy yilning 17-aprel kuni O‘zbekiston-Malayziya turizm forumi tashkil etildi. Forum doirasida Samarqand viloyatining turizm salohiyati taqdimoti bo'lib o'tdi. Tadbirda har ikki mamlakatdan soha mutasaddilari, turizm sohasi vakillari, sayyohlik kompaniyalari rahbarlari ishtirok etishdi.
Forumning dastlabki qismida mehmonlar uchun Samarqandning tarixiy obidalari, zamonaviy turizm infratuzilmasi va ziyorat turizmi imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi. So‘ngra viloyat salohiyatini o‘zida aks ettirgan rang-barang ko‘rgazma ishtirokchilarga taqdim etildi.
Forumning eng muhim jihatlaridan biri – B2B uchrashuvlar bo‘ldi. Unda Samarqandlik turizm sohasi vakillari va Malayziya kompaniyalari o‘rtasida istiqbolli loyihalar muhokama qilindi. Sayyohlarni jalb qilish, qo‘shma dasturlar ishlab chiqish va hamkorlikda reklama kampaniyalarini yo‘lga qo‘yish borasida o‘zaro manfaatli takliflar bildirildi.
Tadbir so'ngida maxsus ajratilgan maydonda Samarqand oshi tayyorlanib, forum qatnashchilariga o'zbekona mehmondo'stlik muhitida osh tortiq qilindi. Mehmonlar o‘zbekcha dasturxon, ayniqsa Samarqand oshining boy ta'midan mamnun bo'lib, milliy taomlarimiz va xizmat ko‘rsatish madaniyatiga katta qiziqish bildirdilar.
Forum davomida Malayziya tomonida Samarqand viloyatining boy madaniy merosi va qadimiy ziyorat maskanlariga nisbatan katta qiziqish bildirildi. Bu esa, kelgusida Malayziyadan keladigan turistlar oqimini oshirish imkoniyatini yanada oshirishi kutilmoqda.