Malayziyalik mutaxassislar qo‘shma hamkorlik loyihalarini ishlab chiqish uchun O‘zbekistonga tashrif buyurishdi

O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari tobora kengayib, turizm sohasida ham yangi istiqbollar ochilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Malayziya Federatsiyasiga amalga oshirilgan rasmiy tashriflar davomida imzolangan kelishuvlar doirasida 2025–2026-yillarda Malayziyadan O‘zbekistonga ziyorat turizmi yo‘nalishida sayyohlar oqimini 100 ming nafarga yetkazish, bunda Malayziya tajribasidan samarali foydalangan holda ziyorat turizmi va Umra+ dasturlarini rivojlantirishga alohida e‘tibor qaratilmoqda.
Shu munosabat bilan, ayni kunlarda Malayziyaning SIRIM (Standard and Industrial Research Institute of Malaysia) akademiyasi mutaxassislarining O‘zbekistonga tashrifi amalga oshirilmoqda. Ushbu tashrif doirasida joriy yilning 19-fevral sanasida Samarqand shahridagi “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida “Muslim-friendly tourism” standartlarini joriy etish bo‘yicha o‘quv-seminari tashkil etildi.
Seminarda mehmonxona va restoran biznesi vakillari, turoperatorlar hamda soha mutaxassislari ishtirok etishdi hamda “Muslim-friendly tourism” tushunchasi, uning asosiy talablari, mehmonxonalar va restoranlar uchun qo‘llanilishi, shuningdek, Halal industriyasining zamonaviy turizmdagi iqtisodiy imkoniyatlari haqida batafsil ma'lumotga ega bo'lishdi. Malayziyalik ekspertlar bu boradagi o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashib, turizm sohasi vakillariga mazkur standartlarni amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha muhim tavsiyalar berdilar.
Tashrif doirasida Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari R. Qobilov va Malayziyalik mutaxassislar o‘rtasida uchrashuv bo'lib o'tdi. Uchrashuv davomida tomonlar kelgusidagi hamkorlik masalalarini muhokama qildilar. Xususan, SIRIM akademiyasining o‘quv kurslari filialini Samarqandda ochish, mehmonxona va restoran xodimlari, gid-ekskursovodlar hamda sayyohlik kompaniyalari vakillarini o‘qitish va qayta tayyorlash bo‘yicha hamkorlik qilish yuzasidan fikr almashildi.
Malayziyalik mehmonlar O‘zbekistonda turizm sohasidagi mutaxassislarni tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha uch yillik dastur ishlab chiqilayotganini ta’kidlab, bu jarayonda grant asosida malaka oshirish uchun Malayziyaga yuborish imkoniyati ham ko‘rib chiqilayotganini ma’lum qildilar.
Ushbu hamkorlik O‘zbekiston turizm sektorining xalqaro darajada raqobatbardoshligini oshirish, xizmatlar sifatini yaxshilash va ziyorat turizmini rivojlantirishga xizmat qiladi.