Misrning “Arab Nihol Investors” kompaniyasi Urgut tumanida turistik majmuasi qurilishiga qiziqish bildirmoqda.
O'zbekistonning Qohiradagi elchixonasida "Arab Nihol Investors" qo‘shma korxonasi taʼsischisi, misrlik yirik tadbirkor Ahmad Zeydan bilan muzokaralar o‘tkazildi.
Uchrashuvda Samarqand viloyati Urgut tumanining tog‘ oldi hududida sayyohlik majmuasini barpo etish loyihasini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar loyiha bilan bog‘liq masalalar va xorijiy investorning takliflari xususida fikr almashdilar.
Muzokaralar yakunida loyihani amalga oshirish bilan bog‘liq masalalarni O‘zbekistonning mutasaddi tashkilotlari bilan muhokama qilish maqsadida alohida uchrashuv tashkil etish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.
Sayyohlik majmuasini uch bosqichda amalga oshirish rejalashtirilgan. Birinchi bosqichda sim yo‘li quriladi. Shundan so‘ng 100 o‘rinli zamonaviy mehmonxona barpo etiladi. So‘nggi bosqichda esa 100 o‘rinli sanatoriy qurilishi mo‘ljallanmoqda. Majmua to‘liq ishga tushgach 500 ta yangi doimiy ish o‘rni yaratiladi.