Moskva xalqaro ko‘rgazmasi - MITT da O‘zbekiston turizm salohiyati namoyish etilmoqda


Photo

Avval xabar berilganidek (https://t.me/sam_turizm/11270), joriy yilning 18–20 mart kunlari Moskva shahrida Xalqaro turizm va mehmondo‘stlik sanoati ko‘rgazmasi (MITT) bo‘lib o‘tmoqda. Unda O‘zbekiston, jumladan, Samarqand viloyati delegatsiyasi ham faol ishtirok etyapti. Tadbirda Belarus, Qirg‘iziston, Ozarbayjon, Armaniston, Abxaziya va boshqa ko‘plab davlatlar o‘z turizm imkoniyatlarini namoyish etishmoqda.

Ko‘rgazmaning ilk kunidayoq Samarqand viloyati delegatsiyasi 20 dan ortiq davlat bilan hamkorlik shartnomalarini imzoladi. Ular orasida Jazoir, Malayziya, Armaniston, Belarus, Rossiyaning Voronej, Moskva viloyati, Sankt-Peterburg shaharlari, Ozarbayjon va boshqa davlatlar bor. Bu kelishuvlar kelajakda sayyohlik sohasidagi hamkorlikni kengaytirish va yangi loyihalarni amalga oshirishga xizmat qiladi.

Bugun, 19 mart kuni ham tadbir davom etmoqda. O‘zbekiston stendiga tashrif buyurgan ishtirokchilar mamlakatimizning boy madaniy merosi, zamonaviy sayyohlik infratuzilmasi, yangi mehmonxonalar va xalqaro yo‘nalishlar haqida ma’lumot olishmoqda.

Ko‘rgazma O‘zbekistonning xalqaro sayyohlik bozoridagi mavqeini mustahkamlash, chet ellik sayyohlarni jalb etish va yangi hamkorlik aloqalarini o‘rnatish uchun muhim platforma bo‘lishi kutilmoqda.