Nurobod tumanidagi “Oqsoy” mahallasini turizm qishlog‘iga aylantirish ishlari boshlandi


Photo

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 29-noyabrdagi PQ–407-sonli “Samarqand viloyatida investitsiya va tadbirkorlik muhitini yanada rivojlantirish hamda aholi turmush darajasini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Samarqand viloyati hokimligi hamda Turizm qo‘mitasi tomonidan boshlangan ishlar izchil davom ettirilmoqda. (https://t.me/sam_turizm/10444)

Mazkur qaror doirasida Nurobod tumanining “Oqsoy” mahallasini “Turizm qishlog‘i” maqomiga ega bo‘lishi uchun zarur bo‘lgan amaliy ishlar boshlab yuborildi. Bu esa hududning turizm salohiyatidan samarali foydalanish, yangi ish o‘rinlarini yaratish va mahalliy aholining farovonligini oshirishga xizmat qiladi.

Shu munosabat bilan, joriy yilning 12-aprel kuni “Xazrati Dovud” ziyoratgohi hududida viloyat hokimining o‘rinbosari R.Qobilov rahbarligida tegishli tashkilotlar ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilish davomida “Turizm qishlog‘i” maqomini olish uchun zarur bo‘lgan 16 ta asosiy mezon bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar muhokama qilindi. Har bir mezon yuzasidan mas’ul tashkilotlar, hamkor subyektlar va bajarish muddatlari aniq belgilab berildi.

Rejalashtirilgan tadbirlar qatorida oilaviy mehmon uylari tashkil etish, turistik xizmatlarni yo‘lga qo‘yish, esdalik sovg‘alari savdosi, ekoturizm va agroturizm yo‘nalishlarini rivojlantirish, zarur infratuzilma bilan ta’minlash, shuningdek, mehmonlarga tibbiy xizmat ko‘rsatish va xavfsizlikni ta'minlash kabi muhim vazifalar mavjud.

Ushbu tashabbus mahalliy aholi bandligini oshirish, turizm xizmatlari sifatini yaxshilash hamda viloyatning ichki va tashqi turizmdagi nufuzini yanada mustahkamlashga qaratilgan.