O‘zbekiston–Malayziya turizm hamkorlik forumi doirasida amaliy kelishuvlarga erishildi

Joriy yilning 17-aprel kuni Kuala-Lumpurda O‘zbekiston–Malayziya turizm hamkorlik forumi bo‘lib o‘tdi. Mazkur forum Samarqand viloyati delegatsiyasi tashrifi doirasida tashkil etilib, ikki davlat o‘rtasidagi sayyohlik aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
Forumda Kuala-Lumpur shahri meri o‘rinbosari, “Batik Air” kompaniyasi rahbariyati, Tourism Malaysia, BUMITRA va PAPUH assotsiatsiyalari, Islom Turizmi Markazi, shuningdek, 30 dan ortiq yirik sayyohlik agentliklari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda “Umra+” dasturi, Imom al-Buxoriy majmuasi imkoniyatlari, Samarqandda ziyorat turizmi uchun yaratilgan sharoitlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Forum doirasida B2B formatida o‘tkazilgan uchrashuvlar davomida 80 dan ortiq kelishuvlarga erishildi.
Forumda Malayziya, Indoneziya va Singapurdan yirik turizm kompaniyalari, xususan Falcoon Corporation vakillari ishtirok etdi. Kompaniya O‘zbekiston bozoriga kirish, ichimliklar, kosmetika, madaniy loyihalar, media va film sohasida hamkorlik qilish niyatini bildirdi.
Ma’lumot uchun:
Falcoon Corporation — 2022-yilda tashkil topgan bo'lib, investitsiyalar, turizm, oziq-ovqat, moda, media va boshqa ko‘plab sohalarda faoliyat yurituvchi kompaniyalar guruhidir. Kompaniya Samarqandda hujjatli film suratga olish, kinematografiya va blogerlik asosida reklama strategiyalarini taklif qilmoqda.
O‘zbekiston–Malayziya turizm forumi o‘zaro manfaatli hamkorlik eshiklarini ochdi. Unda nafaqat turizm balki sarmoya, media, ta’lim va xizmat ko‘rsatish kabi sohalarda ham yirik istiqbolli tashabbuslar ilgari surildi. Forum natijalari sayyohlar oqimini oshirish va qo‘shma loyihalarni amaliyotga tadbiq etishda muhim qadam bo‘lishi kutilmoqda.