Pangat MFY vakillari turizm qishlog'i tajribasini o‘rganish maqsadida Samarqandga tashrif buyurishdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 29-noyabrdagi PQ-407-sonli qaroriga muvofiq, Samarqand viloyatida investitsiya va tadbirkorlik muhitini yanada rivojlantirish hamda aholining turmush darajasini yaxshilash bo‘yicha qator chora-tadbirlar belgilangan. Xususan, ushbu qaror doirasida Qo'shrobot tumani Pangat mahalla fuqarolar yig‘iniga “turizm qishlog‘i” maqomini berish rejalashtirilgan.
Mazkur loyihani samarali amalga oshirish va mavjud ilg‘or tajribalar bilan tanishish maqsadida joriy yilning 20-fevral sanasida Pangat MFYning mahalla yettiligi boshchiligidagi ushbu mahallada istiqomat qiluvchi fuqarolar Samarqand viloyatining yetakchi turizm markazlaridan biri bo‘lgan “Konigil” turizm qishlog‘iga tashrif buyurishdi.
“Konigil” turizm qishlog‘i Samarqand viloyatining eng muvaffaqiyatli turistik loyihalaridan biri hisoblanadi. Pangat MFY vakillari bu yerga tashrif buyurib, turizm qishlog‘ini tashkil etish, sayyohlar uchun qulay muhit yaratish hamda mahalliy hunarmandchilikni rivojlantirish bo‘yicha muhim tajribalarni o‘rgandilar.