Razaviy Xuroson viloyati delegatsiyasi Samarqandning turistik salohiyatini yuqori baholadi

Eron Islom Respublikasining Razaviy Xuroson viloyati gubernatori G‘ulom Husayn Muzaffari boshchiligidagi delegatsiya tashrifi doirasida mehmonlar Samarqandning diqqatga sazovor joylari bilan yaqindan tanishdi. Xususan, ular Registon maydoni, Shohi Zinda majmuasi, Amir Temur maqbarasi kabi muhim tarixiy obidalarga tashrif buyurib, ularning saqlanishi va sayyohlar uchun yaratilgan sharoitlarni yuksak baholadilar.
Shuningdek, delegatsiya a’zolari Konigil turizm qishlog‘ida bo‘lib, bu yerda an’anaviy qog‘oz ishlab chiqarish jarayoni, hunarmandchilik markazlari va mahalliy aholi uchun yaratilgan iqtisodiy imkoniyatlar bilan tanishdilar. Mehmonlar Konigil qishlog‘ida sayyohlar uchun taqdim etilayotgan xizmatlarning yuqori sifati va milliy an’analar bilan uyg‘unligiga alohida e’tibor qaratib, bunday loyihalarning ziyorat va madaniy turizm rivojiga qo‘shayotgan hissasini ta’kidladilar.
Tashrifdan asosiy maqsad, yurtimiz madaniyati, boy tarixi bilan yaqindan tanishish hamda Samarqandning turistik salohiyatini keng targʻib qilish orqali Eron mamlakatidan sayyohlar oqimini oshirishdir.