Samarqand delegatsiyasi Indoneziyada: ziyorat turizmini bo'yicha istiqbolli hamkorlik yo'lga qo'yilmoqda


Photo

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 12-yanvardagi “Respublikaga xorijiy turistlar oqimini keskin oshirish hamda ichki turizmni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-9-sonli Farmoniga muvofiq, jahon turizm bozoridagi kuchli raqobat sharoitida O‘zbekistonga xorijiy sayyohlarni keng jalb qilish, ularga zamonaviy qulayliklar yaratish, turizm obyektlaridan samarali foydalanish asosida hududlararo turizm xizmatlarini kengaytirish va sohada yangi ish o‘rinlarini tashkil etish kabi ustuvor vazifalar belgilangan. Mazkur Farmon ijrosini taʼminlash maqsadida, ayni kunlarda Samarqand viloyati hokimining o'rinbosari R.Qobilov boshchiligidagi Samarqand viloyati delegatsiyasining Indoneziya va Malayziyaga rasmiy tashrifi amalga oshirilmoqda.

Joriy yilning 15-aprel kuni Samarqand viloyati delegatsiyasining Indoneziyaga rasmiy tashrifi doirasida qator muhim uchrashuvlar tashkil etildi. Uchrashuvlarda ikki mamlakat o‘rtasida ziyorat va madaniy turizm yo‘nalishlarida hamkorlikni rivojlantirish, tajriba almashish va yangi loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Delegatsiya a’zolari, jumladan, Indoneziya Madaniyat vaziri o‘rinbosari bilan uchrashib, ikki tomonlama madaniy almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish, tarixiy obidalar va madaniy merosni asrash sohasida hamkorlikni mustahkamlash yuzasidan fikr almashdilar.

Shuningdek, delegatsiya Sharqiy Yava provinsiyasi gubernatorining birinchi o‘rinbosari bilan muzokaralar o‘tkazdi. Unda ikki hudud o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni kengaytirish, o‘zaro turistik delegatsiyalar almashinuvi hamda qo‘shma tadbirlarni tashkil etish masalalari ko‘rib chiqildi.

Indoneziya Din ishlari vazirligi bosh kotibi va Ulamolar kengashi rahbariyati bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda esa ziyorat turizmini rivojlantirish, O‘zbekistonning muqaddas qadamjolarini musulmon ummatiga keng tanitish va Indoneziyadan ziyoratchilar oqimini oshirish bo‘yicha konkret takliflar muhokama qilindi.

Indoneziya Turizm vaziri o‘rinbosari bilan o'tkazilgan uchrashuv davomida Samarqandning boy sayyohlik salohiyati, mehmonxona infratuzilmasi va yirik xalqaro tadbirlarga mezbonlik qilish tajribasi haqida batafsil ma’lumot berildi. Uchrashuv yakunida tomonlar Samarqand viloyatining turizm salohiyatidan samarali foydalanish, ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash va ziyorat turizmini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha o‘zaro manfaatli rejalarni amalga oshirishga kelishib oldilar.