Samarqand delegatsiyasi MATTA FAIR xalqaro ko‘rgazmasida ishtirok etdi


Photo

Samarqand viloyati delegatsiyasi Malayziyaga rasmiy tashrif doirasida 19-aprel kuni Malayziyada o‘tkazilayotgan yirik xalqaro ko‘rgazmalardan biri — MATTA FAIR turizm yarmarkasida ishtirok etdi. Ushbu tadbir Osiyo mintaqasidagi eng yirik sayyohlik ko‘rgazmalaridan biri hisoblanadi.

Ma’lumot uchun:
MATTA FAIR — Malayziya sayyohlik agentliklari uyushmasi (MATTA) tomonidan har yili o‘tkaziladigan xalqaro turizm ko‘rgazmasi bo‘lib, u minglab sayyohlik kompaniyalari va yuzlab mamlakatlardan ishtirokchilarni birlashtiradi.

Delegatsiya MATTA rahbariyati va ko‘rgazma ishtirokchilari bilan muzokaralar olib borib, Samarqand viloyatining sayyohlik imkoniyatlari, ziyorat turizmi salohiyati va xalqaro hamkorlik loyihalari yuzasidan taqdimotlar o‘tkazdi.

Tashrif davomida ikki tomonlama uchrashuvlarda Malayziya kompaniyalari bilan qo‘shma loyihalar, reklama kampaniyalari, turistik yo‘nalishlar tashkil etish bo‘yicha fikr almashildi. MATTA rahbariyati O‘zbekiston bilan hamkorlikni yanada kengaytirishga tayyor ekanini bildirdi.