Samarqand delegatsiyasi Xo‘jandda bo'lib o'tayotgan “So‘g‘d – Buyuk Ipak yo‘li chorrahasi” II Xalqaro turizm forumida ishtirok etmoqda


Photo

Joriy yilning 16–19-aprel kunlari Tojikistonning Xo‘jand shahrida “So‘g‘d – Buyuk Ipak yo‘li chorrahasi” II Xalqaro turizm forumi tashkil etilmoqda. Forumda O‘zbekiston, Tojikiston, Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va boshqa davlatlardan turizm sohasi vakillari ishtirok etishmoqda.

Forum doirasida Samarqandning boy tarixiy merosi, zamonaviy infratuzilmasi va turizmda amalga oshirilayotgan yirik loyihalar haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Jumladan, “Silk Road Samarkand” majmuasi, xalqaro kongress markazi, yangi aeroport, shuningdek, xalqaro brenddagi mehmonxonalar haqida ishtirokchilar keng tasavvurga ega bo‘ldilar.

Ma'lumot uchun, 2024-yilda O‘zbekistonga Tojikistondan 2 million 100 ming nafar sayyoh tashrif buyurgan. Bu ko‘rsatkich 2023-yilga nisbatan 2,1% ga oshganini bildiradi. O‘zbekistondan Tojikistonga esa o'tgan yili 1,1 millionga yaqin sayyoh tashrif buyurgan. Bu ko‘rsatkichlar ikki davlat o‘rtasidagi turistik aloqalarning mustahkamlanayotganidan dalolat beradi.

Forumning birinchi kunidayoq Samarqand viloyatining turizm sohasi tadbirkorlari B2B shaklidagi uchrashuvlarda faol qatnashib, Tojikiston, Rossiya, Belarus va Qirg‘iziston kabi mamlakatlardan tashrif buyurgan kasbdoshlari bilan muzokaralar olib borishdi. Natijada 50 dan ortiq hamkorlik bitimlari va kelishuvlarga erishildi.

Xususan, Tojikistonning “Amri Travel” ва “Karashmai Haftkor” kompaniyalari, Qirg‘izistonning “Boqutbek” firmasi, Belarusning Vitebsk viloyati hamda Rossiyaning Tyumen va Moskva shaharlaridan kelgan turistik tashkilotlar bilan muzokaralar o‘tkazildi.