Samarqand delegatsiyasi Yaponiyada: Gifu prefekturasida O‘zbekiston madaniyati va turistik salohiyati taqdimoti boʻlib oʻtmoqda


Photo

Joriy yilning 9-10-noyabr kunlari Yaponiyaning Gifu prefekturasi gubernatori X.Furuta taklifiga binoan, Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari R.Qobilov rahbarligidagi Samarqand delegatsiyasi Yaponiyaga tashrif buyurdi. Ushbu tashrif davomida Gifu va Samarqand tadbirkorlari ishtirokida biznes seminar va O‘zbekistonning turistik salohiyati va madaniy meros obyektlari taqdimoti o‘tkazilmoqda. Tadbirning asosiy maqsadi O‘zbekiston va Yaponiya oʻrtasida ikki tomonlama hamkorlik imkoniyatlarini kengaytirishdan iborat.
Seminar davomida Yaponiyaning yirik korxonalari, xususan, Seria Co.,Ltd, VALOR HOLDINGSCo.Ltd, Suehiro Seni (tekstil korxonasi), JTB (turizm korxonasi) vakillari bilan uchrashuvlar tashkil etildi.
Uchrashuvlar davomida ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, Samarqand va Gifu prefekturasi o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, yapon kompaniyalari O‘zbekistonning madaniy meros obyektlari, turistik imkoniyatlari bilan yaqindan tanishtirildi.
Tashrif davomida O‘zbekistonning turistik imkoniyatlarini targ‘ib etish va madaniy meros obyektlarini yapon xalqiga yaqindan tanitish, shuningdek, investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha kelishuvlarga erishish ko‘zda tutilmoqda.