Samarqand va Malayziya o‘rtasida turizm sohasida hamkorlik mustahkamlanmoqda


Photo

Ayni kunlarda Samarqand viloyati delegatsiyasi Malayziyada rasmiy tashrif bilan bo‘lib turibdi. Tashrif doirasida Malayziyaning turizm sohasi, davlat tashkilotlari va yetakchi kompaniyalari bilan bir qator samarali uchrashuvlar o‘tkazildi.

Jumladan, delegatsiya Kuala-Lumpur shahri meri o‘rinbosari Ismadi bin Sakirin bilan uchrashib, ikki shahar o‘rtasida “region to region” formatida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, Kuala-Lumpurda O‘zbekiston madaniyat kunlarini tashkil etish, hamda Samarqandda o‘tkaziladigan “Samarqand kuni” tadbirlarida Malayziya vakillarining ishtiroki masalalarini muhokama qildi.

Shuningdek, “Batik Air” aviakompaniyasi bosh menejeri Rajiv Kumar bilan o‘tkazilgan uchrashuvda Toshkent–Langkavi yo‘nalishida yangi reys ochish, “Code sharing” asosida hamkorlikdagi reyslar tashkil etish va “Umra+” dasturi asosida ziyorat qatnovlarini amalga oshirish rejalashtirildi.

Islom Turizmi Markazi direktori Nur Alisa Koralin Yussin bilan uchrashuvda ziyorat turizmini rivojlantirish, o‘zbekistonlik mutaxassislar uchun treninglar tashkil etish hamda 30 ta malayziyalik turizm operatorining O‘zbekistonga tashrifi bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Shuningdek, delegatsiya MATTA va BUMITRA sayyohlik agentliklari rahbariyati, Turizm, san’at va madaniyat vazirligi bosh kotibi, hamda Malayziya Islom Taraqqiyot tashkiloti (JAKIM) rahbarlari bilan muzokaralar olib bordi. Uchrashuvlarda halol turizm, madaniy almashinuv, investitsiyalar va ikki tomonlama tadbirlar tashkil etish bo‘yicha qator istiqbolli takliflar ilgari surildi.

Samarqand delegatsiyasining faol ishtiroki Malayziya tomonida katta qiziqish bilan kutib olindi.  Tashrif doirasidagi mazkur uchrashuvlar nafaqat turizm, balki madaniyat, transport va xalqaro hamkorlik sohalarini ham qamrab oldi.  Uchrashuvlar davomida erishilayotgan kelishuvlar esa, o'z navbatida, kelgusida barqaror hamkorlik uchun mustahkam poydevor bo'lishi kutilmoqda.