Samarqand va Sian: san'at va turizm sohasida yangi hamkorlik


Photo

Bugun Samarqand viloyati Turizm boshqarmasi, viloyat Badiiy akademiyasi vakillari hamda Xitoy Xalq Respublikasining Sian Huyi tumani dehqonchilik rasm san'ati markazi assosatsiyasi (Huxian Peasant Painters) rahbari Kang Li xonim boshchiligidagi delegatsiya o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. 

Uchrashuv davomida turizm va rassomchilik san’atini rivojlantirish bo‘yicha kelgusidagi hamkorlik masalalari muhokama qilinib, bir qator kelishuvlarga erishildi. Xususan, madaniy almashinuv doirasida Sian Huyi tumani dehqonchilik rasm san'ati markazi tomonidan Samarqand viloyati Badiiy akademiyasi ijodiy uyushmasiga 100 ga yaqin san’at asari tuhfa etildi. Ushbu betakror asarlar mart oyining ikkinchi o‘n kunligida bo‘lib o‘tadigan maxsus ko‘rgazmada namoyish etilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, Sian delegatsiyasi vakillari Samarqandlik ijodkorlarning Xitoyga tashrifi doirasida ular uchun tadbirlar tashkil etishda har tomonlama yordam ko‘rsatishga tayyor ekanliklarini bildirishdi. Bu esa ikki tomonlama madaniy va ijodiy hamkorlikning yanada rivojlanishiga xizmat qiladi.

Ma'lumot uchun, Xitoyning Sian shahridagi Huxian dehqonchilik rasmlari (hozirgi Huyi tumani dehqonchilik rasmlari) xalq san’atining durdonalaridan biri hisoblanadi. Bu san’at 20-asrning 50-yillarida shakllanib, qirqim san’ati, devoriy rasmlar, Yangi yil tasvirlari va kashtachilik elementlarini o‘z ichiga oladi.

Bu rasmlar o‘ziga xos uslub, yorqin ranglar va turli texnikalar uyg‘unligi bilan ajralib turadi. Rasmlarda qishloq hayoti, an’anaviy bayramlar va dehqonchilik mavzulari aks etgan.
Mazkur san’at turi 1958-yilda qishloq hayotini aks ettirish maqsadida shakllanib, 1970-yillarga kelib, professional maktablar tashkil etildi. 1973-yilda Xitoyning sakkiz yirik shahrida "Huxian dehqonchilik rasmlari ko‘rgazmasi" o‘tkazilib, xalqaro e’tiborga sazovor bo‘ldi.

1988-yilda Xitoy Madaniyat vazirligi Huxian rasm maktabini "Xitoy zamonaviy xalq tasviriy san’ati yurti" deb tan oldi. Bugungi kunga kelib, 30 000 dan ortiq asarlardan 4500 tasi 48 ta mamlakatda namoyish etilgan.