Samarqand va So‘g‘d viloyatlari o‘rtasida turistik hamkorlik mustahkamlanmoqda

Tojikistonning Xo‘jand shahrida bo‘lib o‘tgan “Soʻgʻd – Buyuk Ipak yo‘li chorrahasi” II Xalqaro turizm forumi o‘z yakuniga yetdi. Ushbu nufuzli tadbir doirasida Samarqand viloyati delegatsiyasi qator samarali uchrashuv va muzokaralarda ishtirok etdi. Forum davomida nafaqat B2B shaklidagi muzokaralar, balki turli sessiyalar orqali ham mintaqaviy turizm istiqbollari muhokama qilindi.
Xususan, “Turizm Buyuk Ipak yo‘lida” mavzusida tashkil etilgan sessiyada soʻzga chiqqan Samarqand viloyati delegatsiyasi rahbari S.Ergashev viloyatning turizm salohiyati, zamonaviy infratuzilmasi hamda amalga oshirilayotgan yirik loyihalar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Shuningdek, So‘g‘d viloyati hokimi o‘rinbosari A.Yakubi bilan o‘tkazilgan ikki tomonlama uchrashuvda ikki viloyat o‘rtasida turistik hamkorlikni kengaytirish, sohaga oid axborot almashinuvi va sayyohlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga oid qator kelishuvlarga erishildi.
Forum davomida Samarqandlik tadbirkorlar 80 dan ortiq hamkorlik memorandumlarini imzolashga muvaffaq bo‘ldilar. Xususan, Erondan, Xitoydan, Gretsiyadan, Qozog‘istondan, Rossiyadan va boshqa davlatlardan kelgan turizm vakillari bilan muzokaralar o‘tkazildi.
Xalqaro forum Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi madaniy va turistik aloqalarni yanada mustahkamlash, yangi g‘oya va tashabbuslarni ilgari surishda muhim platforma bo‘lib xizmat qildi.