Samarqand viloyati hokimi turizm sohasi vakillari bilan uchrashdi

Bugun viloyati rahbari Samarqand viloyati Turizmni rivojlantirish boʻyicha jamoatchilik kengashi aʼzolari, turizm sohasida faoliyat koʻrsatayotgan tadbirkorlik subyektlari va soha mutaxassislari bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Tadbir davomida viloyatdagi turizm infratuzilmasini rivojlantirish, xizmatlar sifatini oshirish hamda mahalliy va xorijiy sayyohlar uchun yanada qulay sharoitlar yaratish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda viloyat rahbari turizm sohasida 2024-yilda amalga oshirilgan ishlar va 2025-yilda bajarilishi rejalashtirilayotgan vazifalar haqida soʻz yuritdi. So‘nggi yillarda viloyatda turizm infratuzilmasi kengayib, mehmonxona, transport va xizmat ko‘rsatish sohalarida sezilarli o‘sish kuzatilmoqda. 2024-yilda viloyatga 2 million 523 ming nafar xorijlik va 4 million 715 ming nafar mahalliy sayyoh tashrif buyurgan. Ularning Samarqandda boʻlishi 2,7 kunga, turizm xizmatlari eksporti 537 mln AQSh dollariga yetgan. Bugungi kunda viloyatda 18 ming oʻrinli 642 ta joylashtirish vositasi faoliyat yuritmoqda.
Viloyat hokimi sohadagi yutuqlar bilan birga, mavjud kamchiliklarga ham to‘xtalib, sayyohlarning Samarqandda qolish muddatini uzaytirish, xizmatlar sifatini oshirish hamda turizm qishloq va mahallalarini kengaytirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berdi. Uchrashuv davomida sifatli infratuzilmaga ega 14 ta qishloq va mahallaga turizm maqomi berilishi rejalashtirilayotgani ham e’tirof etildi. Shu bilan birga, soha vakillarining fikr-mulohazalari va takliflari tinglandi.