Samarqand yuragidagi tarixiy timsol: “Afrosiyob” mehmonxonasi zamonaviy qiyofada qayta tiklanmoqda

Samarqand — ko‘p asrlik tarixga ega, Ipak yo‘lining yuragida joylashgan qadimiy shahar. Bu yurtga kelgan har bir mehmon tarix bilan yuzma-yuz keladi. Tarixiy obidalaru muqaddas ziyoratgohlari bilan mashhur bo‘lgan bu shahar bugungi kunda zamonaviy qulayliklarga ega mehmonxonalari bilan ham sayyohlarni o‘ziga jalb etmoqda. Shulardan biri — “Afrosiyob” mehmonxonasidir. Hozirda ushbu tarixiy maskan qayta qurilmoqda va tez orada yangicha qiyofada sayyohlar uchun o‘z eshiklarini ochishga hozirlanmoqda.
“Afrosiyob” oddiy bino emas, balki — tarix bilan zamonaviylikni bog‘lovchi timsollardan biridir. Shahar markazida joylashgan bu mehmonxona haqida turli tarixiy ma’lumotlar mavjud. Ayrim manbalarda yozilishicha, bu hududda Amir Temur davrida yozgi saroy bo‘lgan. Boshqa taxminlarga ko‘ra esa, bu yerda saltanat g‘aznasi joylashgan. Qurilish ishlari boshlanganida, hududda qadimiy hovuz qoldiqlari topilgan va bu holat loyihaga jiddiy ta’sir qilgan. Qurilish to‘xtatilib, YUNESKO vakillari jalb etilgan. Natijada, tarixiy landshaftni asrash va uni mehmonxona konsepsiyasiga uyg‘unlashtirish ishlari amalga oshirilgan. Bu fakt mehmonxonaning nafaqat mehmonlarni qabul qilish joyi, balki tarixiy xotira markazi sifatidagi ahamiyatini oshiradi.
“Afrosiyob” mehmonxonasining ilk g‘oyasi Sovet hokimiyati yillarida paydo bo‘lgan. Sovet hukumati vakillari Samarqandning Markaziy Osiyodagi diqqatga sazovor nuqtalaridan biriga aylanishini ko‘zlab, Registon va Bibixonim masjidi yaqinidagi hududda yirik mehmonxona qurish tashabbusini ilgari surishgan. Ammo siyosiy-iqtisodiy vaziyatlar sabab, qurilish uzoq yillar davomida yakunlanmagan.
Faqatgina mustaqillik yillarida, 1996-yilda hindistonlik hamkorlar ishtirokida “Afrosiyob” mehmonxonasi qurilishi yakunlandi va u o‘z faoliyatini boshladi. Bino xalqaro muhandislik standartlariga binoan qurilgan. Oradan yillar o‘tgan bo‘lsa-da, yerto‘lalari quruq, yengil zilzilalarda konstruktsiyasi zararlanmagan. Har bir detali mohirlik bilan bajarilgan. Me’moriy loyiha shu darajada puxta ishlab chiqilganki, bino bugungi kunda ham muhandislik san’atining namunasi hisoblanadi.
Shu yillardan boshlab, u o‘z davrining eng obro‘li va yirik mehmonxonalaridan biriga aylandi. Mehmonxonada qator yirik xalqaro delegatsiyalar, O‘zbekiston Prezidentining rasmiy mehmonlari va xorijiy davlat arboblari istiqomat qilgan. Xususan, Rossiya, Germaniya, Xitoy, Turkiya, Koreya, Fransiya kabi mamlakatlardan tashrif buyurgan davlat rahbarlari aynan shu maskanda mehmon bo‘lgan. O‘sha paytda bu yerda 300 ga yaqin odam ishlagan bo‘lib, u mintaqaning eng yirik mehmonxona majmualaridan biriga aylangan.
2011-yildan boshlab Samarqandda yangi mehmonxonalar faol qurila boshlangach, «Afrosiyob» o‘z mavqeini yo‘qota boshladi. Raqobat kuchayishi va zamonaviy xizmat ko‘rsatish talablariga javob bera olmaslik 2015-yilda “Afrosiyob” mehmonxonasining to‘liq yopilishiga olib keldi.
Oradan yillar o‘tib, 2024-yilda “Afrosiyob” mehmonxonasi yangi hayot boshlamoqda. Hukumat qaroriga asosan, ushbu tarixiy binoni tiklash loyihasi xorijiy investitsiyalar asosida amalga oshirilmoqda. Yirik xorijiy investorlar mazkur ob’ektning nafaqat tijoriy, balki madaniy va tarixiy ahamiyatini chuqur anglab, loyihaga katta e’tibor qaratmoqda. Ulardan biri bu borada shunday deydi:
«Bizning maqsad faqat foyda emas. Biz kelajak avlodlar uchun abadiy yashaydigan xotira barpo qilmoqdamiz».
Ayni damda qurilish ishlari jadal olib borilmoqda — tashqi fasadning 95 foizi, ichki kommunikatsiyalar va injenerlik tizimlarining 30 foizi allaqachon yakunlangan. Maqsad — 1-sentyabr, Mustaqillik bayramiga qadar ishlarni to‘liq yakunlab, mehmonxonani yangi turistik mavsumga tayyorlashdir. Yangi “Afrosiyob — Palas” mehmonxonasi 5 yulduzli 264 ta xonaga ega mehmonxona bo‘lib, bir vaqtning o‘zida 500 nafar mehmonni qabul qila oladi. Bu esa uni nafaqat Samarqandda, balki butun respublika miqyosida eng yirik mehmonxonalardan biriga aylantiradi.
Rekonstruksiya loyihasi faqatgina binoning ko‘rinishini emas, balki uning ichki mohiyatini ham o‘zgartiradi. Mehmonxonada yuqori darajadagi konferensiya zallari, zamonaviy restoranlar, SPA va dam olish maskanlari, shuningdek, biznes markazlar tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.
“Afrosiyob” mehmonxonasining qayta tiklanishi bu o‘zgarishlar silsilasining yana bir muhim halqasi bo‘lib, u shaharning turistik salohiyatini yangi bosqichga olib chiqadi. Bu yerda qadimiylik va zamonaviylik, tarix va texnologiya bir-birini to‘ldiradi. Aynan shuning uchun, bu maskan nafaqat xizmat ko‘rsatish sifati bilan, balki o‘ziga xos ruhiyati bilan ham mehmonlarning qalbidan joy oladi.