Samarqandda "O‘zbekiston – Eron" Turizm forumi bo'lib o'tdi

Ayni kunlarda Eronning Razaviy Xuroson viloyati gubernatori G‘ulom Husayn Muzaffari boshchiligidagi delegatsiya Samarqandda bo‘lib turibdi. Tashrif doirasida 26-fevral kuni "Ipak yo‘li" xalqaro turizm va madaniy meros universitetida "O‘zbekiston – Eron" turizm forumi o‘tkazildi. Forumda Razaviy Xuroson viloyati Madaniy meros, turizm va hunarmandchilik boshqarmasi boshlig‘i S.Musaviy, Samarqand viloyati hokimligi vakillari, Samarqand viloyati Turizm boshqarmasi mas'ullari va ikki mamlakatning turizm sohasi mutaxassislari ishtirok etishdi. Mazkur tadbir O‘zbekiston va Eron o‘rtasidagi turizm aloqalarini mustahkamlash, ikki davlat sayyohlik kompaniyalari o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish hamda o‘zaro sayyohlar oqimini oshirishga qaratilgan.
Ma'lumot uchun: Razaviy Xuroson — Eron uston (viloyat) laridan biri bo'lib, Eronning shimoli-sharqiy qismida joylashgan. Aholisi soni — 5 million 990 mingdan ziyod. Maʼmuriy markazi — Mashhad shahri, Eronning ikkinchi yirik shahri hisoblanadi. Shahar zamonaviy infratuzilma va xalqaro ko‘rgazma markazlariga ega bo‘lib, turli xalqaro tadbirlar va ko‘rgazmalarga mezbonlik qiladi.
Boshqa yirik shaharlari: Nishopur, Sabzavor. Nishopur shahri ham viloyatning muhim tarixiy markazlaridan biri bo‘lib, u yerda mashhur shoir va olim Umar Xayyom dafn etilgan. Shuningdek, shahar qadimiy obidalar va arxeologik yodgorliklarga boy. Sabzavor shahri esa o‘zining tarixiy masjidlari, madrasalari va boshqa me’moriy obidalari bilan sayyohlarni jalb etadi.
Razaviy Xuroson viloyati tabiiy go‘zalliklari bilan ham mashhur. Bu yerda tog‘lar, cho‘llar va yashil vodiylar bir-birini to‘ldirib turadi, bu esa ekoturizm va sarguzasht turizmi uchun keng imkoniyatlar yaratadi.
Tadbir doirasida Samarqand va Razaviy Xuroson viloyatlari vakillari o‘rtasida B2B formatidagi uchrashuvlar tashkil etildi. Uchrashuvlar davomida tomonlar ziyorat turizmi, madaniy almashinuv, qo‘shma turistik yo‘nalishlar yaratish va investitsiya loyihalarini rivojlantirish masalalarini muhokama qilishdi. Jumladan, Razaviy Xuroson viloyati vakillari tomonidan Mashhaddan Samarqandga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish tashabbusi ilgari surildi.
Tadbir yakunida ikki tomonlama turizm sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi. Xususan, Eron va O‘zbekiston turoperatorlari hamkorligida qo‘shma turistik paketlar yaratish, turistik oqimni oshirish maqsadida reklama va targ‘ibot tadbirlarini kuchaytirish hamda infratuzilmaviy loyihalarda hamkorlik qilish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Mazkur forum 1-martgacha davom etib, Samarqand va Buxoro viloyatlarida turistik kompaniyalar, Savdo-sanoat palatasi, tadbirkorlar hamda yetakchi korxonalar vakillari ishtirokida uchrashuvlar va biznes-forumlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.