Samarqandda “PROM PRO EXPO 2025” hududiy sanoat yarmarkasi bo‘lib o‘tmoqda

Joriy yilning 17–18-aprel kunlari Samarqand viloyatining Jomboy tumanida joylashgan “SOF EXPO Samarkand” xalqaro ko‘rgazmalar majmuasida “PROM PRO EXPO 2025” hududiy sanoat yarmarkasi o‘tkazilmoqda.
Mazkur yarmarka avtomobilsozlik, to‘qimachilik, farmatsevtika, qurilish materiallari, elektrotexnika, kimyo, oziq-ovqat, mebelsozlik, gilam va poyabzal ishlab chiqarish hamda turizm sohalarini qamrab olgan bo‘lib, unda mamlakatimizning yetakchi ishlab chiqaruvchilari o‘z mahsulotlarini keng namoyish etmoqda.
Yarmarkada turizm sohasi alohida yo‘nalish sifatida taqdim etilgan. Viloyatda faoliyat yuritayotgan turistik kompaniyalar, mehmonxonalar, restoranlar va ko‘ngilochar majmualar o‘z stendlari orqali Samarqandning sayyohlik salohiyatini keng targ‘ib qilmoqda.
Yarmarka faoliyati bilan yaqindan tanishish maqsadida Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev tadbirga tashrif buyurdi. Viloyat rahbari turizm subyektlarining stendlari bilan yaqindan tanishib, soha vakillari bilan muloqot qildi va xizmatlar sifati, mavjud imkoniyatlar hamda eksport salohiyatiga oid taklif va tashabbuslarni ko‘zdan kechirdi.