Samarqandda "Rossiya va O'zbekistonda hududlarning xalqaro turizmni rivojlantirish istiqbollari" mavzusida davra suhbati bo'lib o'tdi


Photo

2024-yil 13-noyabr kuni Samarqand shahrida Rossiya Federatsiyasining Savdo-iqtisodiy aloqalar va xalqaro turizm imkoniyatlarini rivojlantirishga qaratilgan hududiy va mahalliy rivojlanish Instituti vakillari, Rossiyaning yetakchi turoperatorlari hamda Samarqand viloyati turizm sohasi mutaxassislari ishtirokida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Tadbirning asosiy maqsadi Samarqand va Rossiya shaharlari o‘rtasidagi turizm aloqalarini mustahkamlash, O‘zbekistonning turizm salohiyatini keng yoritish va ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy va madaniy aloqalarni rivojlantirishdan iborat.
Uchrashuvda qator rasmiylar – jumladan, Samara guberniyasi deputati R. Ye. Balter, Samara guberniyasi tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish vakili E. I. Xarchenko, Hududiy va mahalliy rivojlanish Instituti general direktori M.N.Kanuyev va boshqalar so'zga chiqishib, Rossiyaning turizm salohiyati istiqboldagi rejalar bo'yicha ma'lumot berishdi. 
Tadbir davomida Samarqandning boy tarixiy merosi, sayyohlik infratuzilmasi va diqqatga sazovor joylari taqdimoti ham bo'lib o'tdi. Unda mehmonlar shaharning turizm salohiyati, undagi yangi turizm loyihalari bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Mazkur tadbir doirasida Samarqandning xalqaro sayyohlar uchun ochiqligi va shahar bo‘ylab taklif etilayotgan imkoniyatlar Rossiya vakillarida katta qiziqish uyg‘otdi.
Davra suhbatida B2B (tadbirkor bilan tadbirkor) va B2G (tadbirkor bilan hukumat) formatidagi uchrashuvlar orqali tomonlar o‘zaro hamkorlikda ishlash imkoniyatlari haqida keng fikr almashishdi. Ushbu muloqotlar O‘zbekistonning sayyohlik yo‘nalishlarini Rossiya bozoriga olib chiqish va uzoq muddatli hamkorlik uchun yana bir muhim qadam bo‘lib, kelajakda yangi loyihalarni amalga oshirish va xizmatlar sifatini oshirish uchun zamin yaratadi.