Samarqandda turizm sohasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi


Photo

Mamlakatimizda turizm sanoati jadal rivojlanib, iqtisodiy o‘sishning muhim yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda. So‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida viza rejimining yengillashtirilishi, zamonaviy mehmonxonalar va infratuzilmaning rivojlantirilishi, xalqaro aviaqatnovlarning ko‘payishi turizm sohasining yanada taraqqiy etishiga zamin yaratmoqda. Xususan, Samarqandda qurilgan yangi xalqaro aeroport, xalqaro mehmonxona tarmoqlarining kengayishi turistik maskanlarning modernizatsiya qilinishi viloyatning sayyohlik salohiyatini oshirishga xizmat qilmoqda. Turizm nafaqat iqtisodiy daromad manbai, balki xalqaro hamkorlikni kengaytirish, madaniyatlararo aloqalarni mustahkamlash va xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Shu munosabat bilan, joriy yilning 21-fevral sanasida Samarqand viloyati hokimining o‘rinbosari R. Qobilov hamda turizm sohasi vakillari – turoperatorlar va mehmonxona biznesi vakillari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tadbirda sohaga oid dolzarb masalalar, tadbirkorlarning muammolari va ularning takliflari muhokama qilindi. Uchrashuvning asosiy maqsadi – viloyatda turizm xizmatlari sifatini oshirish, sayyohlar uchun qulay sharoitlar yaratish va Samarqandga tashrif buyuruvchi sayyohlar oqimini sezilarli darajada ko‘paytirishdan iborat bo‘ldi.

Uchrashuv davomida xalqaro ko‘rgazmalarda faol ishtirok etish orqali Samarqandning turizm salohiyatini yanada keng targ‘ib qilish masalalari ko‘rib chiqildi. Xususan, Xitoy, Rossiya va Indoneziyadan sayyohlar oqimini oshirish bo‘yicha aniq takliflar bildirildi. Bundan tashqari, yangi turistik yo‘nalishlarni ishlab chiqish, sayyohlarga xizmat ko‘rsatish tizimini takomillashtirish hamda viloyatda mehmonxona va infratuzilma imkoniyatlarini kengaytirish yuzasidan takliflar ilgari surildi.