Samarqandda "Xitoy Yangi yili" nishonlandi

Xitoyda bugun Oy taqvimiga ko‘ra Yangi yilning birinchi kuni. Shu munosabat bilan, joriy yilning 29-yanvar kuni Ipak yo‘li xalqaro turizm markazida Samarqand viloyat hokimligi va O‘zbekistonning Xitoydagi elchixonasi hamkorligida "Xitoy Yangi yili"ning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir turistik mavsumdan tashqari davrda Xitoylik sayyohlarning O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqishini oshirish, shuningdek, mamlakatimizni yil davomida jozibador yo‘nalish sifatida targ‘ib qilishga qaratilgan.
Bayram tadbirida viloyat hokimining o‘rinbosari R.Qobilov so‘zga chiqib, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik, shuningdek, so‘nggi yillarda savdo-iqtisodiy, madaniy va turizm sohalaridagi hamkorlikning izchil mustahkamlanib borayotgani haqida ta’kidladi.
Tadbir doirasida tashkil etilgan Xitoy choyi ko‘rgazmasi hamda O‘zbekiston va Xitoy gastronomiyasi namoyishlari xitoylik mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Shuningdek, ikki xalqning milliy urf-odatlari va madaniyatini aks ettirgan tomoshalar, qiziqarli shou va tanlovlar bayram ishtirokchilari tomonidan mamnuniyat bilan kutib olindi.
Tadbir mehmonlari orasida oilasi bilan O‘zbekistonga tashrif buyurgan xitoylik sayyohlar ham bo‘lib, ular Samarqandning boy tarixi va mehmondo‘st muhitidan katta taassurot olishganini ta’kidladilar.