Sankt-Peterburgda O‘zbekiston turizm salohiyati namoyish etildi


Photo

Joriy yilning 14-mart kuni Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida O‘zbekistonning turizm salohiyatiga bag‘ishlangan Road show tadbiri bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbir 18-20-mart kunlari Moskva shahrida o‘tkaziladigan MITT – Xalqaro turizm va mehmondo‘stlik sanoati ko‘rgazmasi doirasida tashkil etildi. Uchrashuvda ikki davlatning turizm sohasi vakillari, davlat idoralari va xususiy sektor mutaxassislari ishtirok etib, hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qilishdi.

Tadbirni O‘zbekistonning Sankt-Peterburgdagi Bosh konsuli Abdurahmon Mahmudov ochib berdi. Shuningdek, Samarqand viloyati Turizm boshqarmasi, Sankt-Peterburg Turizmni rivojlantirish qo‘mitasi hamda Leningrad viloyati Turizmni rivojlantirish qo‘mitasi vakillari so‘zga chiqib, O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi turizm aloqalarini yanada mustahkamlash masalalarini muhokama qilishdi.

Tadbirning asosiy qismi O‘zbekistonning turizm imkoniyatlari taqdimotiga bagʻishlandi. Jumladan, tadbir ishtirokchilari Samarqandning tarixiy va madaniy merosi, mehmondo‘stlik infratuzilmasi, yangi ochilgan mehmonxonalar, xalqaro aviareyslar va sayyohlik yo‘nalishlari haqida batafsil ma’lumotga ega boʻlishdi.

Bundan tashqari, Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan "Silk Road Samarkand" turizm markazi haqida ham maxsus taqdimot o‘tkazildi. Ushbu yirik loyiha sayyohlarga qulay sharoit yaratish, xalqaro tadbirlarni o‘tkazish va O‘zbekistonning turizm brendini mustahkamlashga qaratilgan.

Tadbir davomida O‘zbekiston sayyohlik kompaniyalari vakillari Rossiya bozoridagi faoliyati, turistlar bilan ishlash tajribasi hamda bo‘lajak loyihalar haqida fikr almashishdi.

Shundan soʻng, O‘zbekiston va Rossiya delegatsiyalari o‘rtasida ramziy sovg‘alar almashish marosimi bo‘lib o‘tdi. Mehmonlarga Samarqandning milliy suvenir va esdalik sovg‘alari topshirildi, bu esa ikki tomonlama do‘stlik va hamkorlik ruhini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Tadbir doirasida B2B uchrashuvlari tashkil etildi. Unda O‘zbekiston va Rossiya sayyohlik kompaniyalari o‘zaro hamkorlik istiqbollarini muhokama qilishdi.

Tadbir yakunida esa Navro‘z bayrami shukuhini ulashish maqsadida o‘zbek milliy taomlari bilan bezatilgan dasturxon yozildi. Mehmonlar an’anaviy usulda damlangan osh va boshqa milliy taomlardan bahramand bo‘lishdi.

Ushbu tadbir O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi turizm aloqalarini yangi bosqichga olib chiqish, sayyohlik oqimini oshirish va yangi hamkorlik loyihalariga yo‘l ochishga qaratilgan.