Toshkentda Samarqand viloyatining turizm salohiyati taqdimoti bo‘lib o‘tdi

Samarqand – Yangi O‘zbekistonning turizm darvozasi! Ana shu shior ostida mamlakatimiz bo‘ylab Samarqand viloyatining turizm salohiyatini keng targ‘ib qilishga qaratilgan taqdimot tadbirlari tashkil etilmoqda. Ushbu loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Samarqand viloyatida investitsiya va tadbirkorlik muhitini yanada rivojlantirish hamda aholi turmush darajasini yaxshilash chora-tadbirlari to'g'risida" gi PQ-407-sonli qarori hamda ushbu qaror asosida tasdiqlangan Samarqand viloyat hokimligining tegishli reja-grafigi ijrosini ta’minlash maqsadida amalga oshirilmoqda.
Joriy yilning 18-fevral kuni Toshkent viloyatida turizm sohasi vakillari – Turizm boshqarmasi mutasaddilari, tur operatorlar va soha tadbirkorlari ishtirokida Samarqand viloyatining sayyohlik imkoniyatlari, yangi turizm yo‘nalishlari hamda turizm qishloqlari bo‘yicha taqdimot bo‘lib o‘tdi.
Tadbir davomida ishtirokchilarga Samarqandning boy tarixi, madaniy merosi va zamonaviy turistik infratuzilmasi haqida batafsil ma’lumot berildi. Yangi turistik yo‘nalishlar, ekologik va gastronomik turizm imkoniyatlari tanishtirilib, xalqaro mehmonxonalar, transport qulayliklari va zamonaviy sayyohlik loyihalari haqida ma’lumot taqdim etildi.
Tadbir yakunida turizm sohasi vakillari o‘zaro fikr almashib, hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar. Samarqand viloyati bilan turizm sohasida yaqin hamkorlik qilish, yangi loyihalarni ishlab chiqish va ichki sayyohlar oqimini yanada oshirish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Mazkur taqdimotlar 19-20-fevral kunlari Jizzax hamda Sirdaryo viloyatilarida ham o'tkazilishi rejalashtirilgan.