Turkiston – Samarqand yo‘nalishida yangi parvozlar, yangi imkoniyatlar

Bugungi globallashuv jarayonida davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlik tobora dolzarb masalaga aylanmoqda. Ayniqsa, qo‘shni davlatlar bilan iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy aloqalarni mustahkamlash, o‘zaro hamkorlikni kengaytirish muhim ahamiyat kasb etadi. O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari, xususan, Samarqand va Turkiston viloyatlari o‘rtasidagi aloqalar, tarixiy va madaniy jihatdan chuqur ildizlarga ega bo‘lib, bu esa oʻz navbatida hududlar oʻrtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga keng imkoniyatlar yaratmoqda.
Shu munosabat bilan, joriy yilning 11-aprel kuni, Samarqand viloyati hokimining oʻrinbosari R.Qobilov va Qozog‘istonning Turkiston viloyati hokimining oʻrinbosari Z.Joldasov ishtirokida ikki viloyat o‘rtasida savdo-sotiq, ijtimoiy-iqtisodiy va turizm sohalarida hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan zoom-uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlik yo‘nalishlarini muhokama qilib, aloqalarni yanada mustahkamlash borasida bir qator muhim kelishuvlarga erishdilar. Jumladan, iqtisodiy hamkorlikni faollashtirish, savdo ayirboshlash hajmini oshirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va transport-logistika sohalarida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.
Uchrashuv yakunida muhim qarorlardan biri sifatida Qozog‘iston aviakompaniyasi tomonidan Samarqand va Turkiston o‘rtasida muntazam aviaqatnovlarni tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Joriy yilning 1-mayidan boshlab Turkiston – Samarqand yo‘nalishida ilk muntazam aviaparvozlar yo‘lga qo‘yiladi. Ushbu aviaqatnov hududlar o‘rtasidagi nafaqat iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy aloqalarni yanada yaqinlashtirishda, balki turizm sohasini rivojlantirishda ham yangi sahifa ochadi.
Kelgusida hamkorlik doirasida qo‘shma investitsiya loyihalari, ilmiy-ta’lim dasturlari hamda turizmni rivojlantirish borasida ham loyihalar ishlab chiqish rejalashtirilmoqda.