Urgut tumanida ekstremal turizm turlari yoʻlga qoʻyiladi

Samarqand viloyati Urgut tumanining "Andak" MFY hududida ekstremal turizmni rivojlantirish bo‘yicha yangi loyiha amalga oshirilmoqda. Balandlikda joylashgan mazkur hududda “Royal Aluminium” MChJ tashabbusi bilan zipline va paraplan xizmatlarini joriy etish rejalashtirilgan.
Shu munosabat bilan, viloyat Turizm boshqarmasi va tuman hokimligi bilan hamkorlikda mazkur loyiha o‘rganilib, taklif va zaruriy tavsiyalar ishlab chiqildi. Mazkur tashabbus nafaqat mahalliy, balki xalqaro ekstremal sayyohlar uchun ham katta qiziqish uyg‘otishi kutilmoqda.
Muhimi, joriy yilning may oyida ushbu hududda Respublika miqyosida, shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlaridan keladigan sportchilar ishtirokida Paraplan festivalini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Festivalni o‘tkazishga doir amaliy choralar belgilanib, hozirda zarur tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.
Loyihaning asosiy maqsadi — Urgut tumanining tabiiy imkoniyatlaridan samarali foydalanib, ekstremal turizm yo‘nalishlarini rivojlantirish, ichki va tashqi sayyohlar oqimini oshirish hamda yoshlar o‘rtasida sport turizmini targ‘ib etishdir.