Yaponiyada Samarqand viloyatining investitsiya va turizm salohiyati taqdimoti o‘tkazildi

Avval xabar berilganidek, Yaponiyaning Gifu prefekturasi gubernatori X.Furuta taklifiga binoan, Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari R.Qobilov rahbarligidagi Samarqand delegatsiyasi Yaponiyada xizmat safarida bo'lib turibdi. Bugun, 11-noyabr sanasida tashrif davomida Samarqand viloyatining investitsiya va turizm salohiyatiga bag‘ishlangan ko'rgazma va taqdimot o‘tkazildi. Tadbirda Gifu prefekturasi gubernatori shaxsan ishtirok etib, Samarqandning iqtisodiy imkoniyatlari va boy madaniy merosi bilan yaqindan tanishdi.
Ko‘rgazma va taqdimot jarayonida Samarqandning diqqatga sazovor joylari, turizm resurslari va xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay investitsion imkoniyatlar namoyish qilindi. Mehmonlar Samarqandning o‘ziga xos sayyohlik obyektlari va tarixiy qadriyatlari haqida to‘liq ma’lumot olish imkoniga ega bo‘ldilar.
Mazkur tadbir O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, shuningdek, Samarqand viloyatining turizm va investitsiya sohalarini rivojlantirishda muhim o‘rin tutadi.