“Ashratxona” maqbarasi haqida


Photo

Samarqandga tarixiy binolarni asl holida ko‘rishni istagan sayyohlar tez-tez kelib turadi. Shunday yodgorliklardan biri - “Ashratxona” maqbarasi.

Amir Temur hukmronligi yillarida bu yerdan “Darvozai Feruza” dan “Bog‘i Dilkusho” ga va “Bog‘i Bo‘ldi” ga borib taqaluvchi serqatnov yo‘l o‘tgan. 

Abu Tohirxojaning “Samariya” asarida yozilishicha, bu bino temuriy hukmdorlaridan Abu Said Mirzoning rafiqasi Habiba Sulton begimning buyrug‘i bilan qizi Sulton Hovand Beka uchun barpo qilingan. Maqbara qisqa vaqt ichida, ya’ni 3-4 yil ichida qurilgan. Qurilish ishlari 1463 may oyida tugatilgan. 

Dastlab Xovand Sulton uchun qurilgan ushbu hashamatli maqbara keyinchalik, temuriylar sulolasi ayollari va bolalari uchun oilaviy daxmaga aylangan. Olib borilgan arxeologik qazishmalar natijasida bu yerda topilgan 20 ta qabrga ega bo‘lgan dahma O‘rta Osiyoda ma’lum bo‘lgan sag‘analardan serhashamligi va kattaligi bilan ajralib turadi. 

Maqbara  hilxona va ziyoratxonadan iborat qilib qurilgan. Biroq ushbu maqbaraning temuriylar davri boshqa obidalaridan farqi shundaki, uning gumbazi ostida ikkinchi qavat ham joylashgan.  Xilxonadagi qabrlar saqlanmagan. Maqbaraning birinchi qavati ikki yon tomonida bittadan qo‘shimcha xonalar mavjud. Janubi-g‘arbiy yon tomonidagi xona orqali pastga-hilxonaga tushadigan zinapoya qurilgan. Har ikki yon tomondagi xonalar orqali maqbaraning ikkinchi qavatiga eltuvchi zinalar mavjud. Shuningdek, maqbara kirish peshtoqining ikki yon tomonlarida ham bittadan xonalar mavjud.

Yodgorlikka oid yagona vaqf hujjati haqida Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi hujjatlar fondida ma’lumotlar saqlangan. Unga ko‘ra ushbu vaqf hujjati hijriy 868 yil ramazon oyining boshida (1463 yil may) yozilgan. Hujjatda maqbara nomi Sulton Xovand Beka maqbarasi, deb atalgan va Feruza bog‘ining g‘arbiy burchagida Xo‘ja Abdu Darun maqbarasi yonida Amir Jaloliddin Suxrobning qizi Habiba Sulton Begim tomonidan bunyod etilganligi ko‘rsatilgan.