Investitsiyalar - turizmning harakatlantiruvchi kuchi.


Photo

Samarqand viloyatining turistik salohiyatini yanada rivojlantirish hamda turizm sohasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilish va qulay sarmoyaviy muhitni yaratish maqsadida  Samarqand viloyati turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi tomonidan qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

2023-yilda Samarqand viloyatida turizm va unga yo‘ldosh xizmatlar ko‘rsatish sohalarida 180 ta investitsiya loyihalari ishga tushuriladi. Loyihalarni amalga oshirish orqali 5,5 ming nafar yangi ish o‘rinlari va 500 mingdan ziyod qo‘shimcha sayyohlarni jalb etish imkoniyati yaratiladi.

Shu jumladan, Samarqand viloyatida joriy yil davomida 2200 o‘rinli 62 ta joylashtirish vositalari mehmonxona va hostellarni ishga tushirish rejalashtirilgan. Samarqand shahrida qad rostlayotgan ACCOR HOTELS, RECORDS, FAMILIAR Inn kabi yirik mehmonxonalar tashkil etilgan holda viloyatning turistik jozibadorligi yanada oshadi.

Shuningdek, viloyatda shopping turizm yo‘nalishida 6 ta loyiha ishga tushishi rejalashtirilgan. Kongress holl va konferens zallarini tashkil etish natijasida o‘tkaziladigan xalqaro hamda mahalliy tadbirlar soni va MICE turizmi yanada rivojlanishi kutilmoqda. FESTIVAL MALL, LUXORY LIVE HOUSES kabi yirik loyihalar ishga tushishi natijasida xorijiy va mahalliy sayyohlarga ko‘rsatiladigan xizmatlar sifati ortishini alohida taʼkidlab o‘tish joiz.

Eko-ekstremal turizm yo‘nalishida esa joriy yilda umumiy qiymati 566 mlrd. so‘mga teng 26 ta loyihalar ishga tushirilib, 561 nafar yangi ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan. Viloyatda birinchi bo‘lib Urgut tumanida barcha talablarga javob beradigan qishki va yozgi zamonaviy kurort, dam olish maskani, 300 o‘rinli bolalar va kattalar oromgohi tashkil etiladi. Shuningdek Nurobod tumani Oqsoy qishlog‘i hududida joylashgan “Xazrati Dovud” ziyoratgohiga yaqin atrofda zamonaviy osma-dor yo‘li loyihasi amalga oshirilmoqda.