Jakartada O‘zbekiston-Indoneziya turizm forumi bo'lib o'tdi

Avval xabar berilganidek, ayni kunlarda Samarqand viloyati hokimining o'rinbosari R.Qobilov boshchiligidagi Samarqand viloyati delegatsiyasining Indoneziyaga rasmiy tashrifi amalga oshirilmoqda. Tashrif doirasida 15-aprel kuni Indoneziya poytaxti Jakarta shahrida O‘zbekiston – Indoneziya turizm forumi bo‘lib o‘tdi.
Forumda ikki mamlakatning turizm sohasi mutasaddilari, biznes vakillari, turistik kompaniyalar rahbarlari ishtirok etdi. Tadbir davomida Samarqand viloyatining sayyohlik salohiyatiga oid keng ko‘lamli taqdimot o‘tkazildi. Jumladan, shaharning tarixiy obidalari, zamonaviy mehmonxona tarmoqlari, transport infratuzilmasi va ziyorat turizmi imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Forum doirasida B2B (biznesdan biznesga) va G2B (hukumatdan biznesga) shaklidagi uchrashuvlar tashkil etilib, turizm sohasida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish, investitsiyalar jalb etish va qo‘shma dasturlarni ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Alohida ta’kidlash joizki, forum chog‘ida delegatsiya Indoneziyaning yirik aviakompaniyasi — Lion Air Group rahbariyati bilan muzokaralar olib bordi. Unda Samarqandga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish, ziyorat turizmi paketlarini ishlab chiqish va Indoneziyadan ziyoratchilar oqimini oshirish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar ushbu tashabbusni bosqichma-bosqich amalga oshirishga kelishib oldilar.
Shuningdek, forum doirasida Samarqand viloyatining turizm va hunarmandchilik salohiyatini namoyon etuvchi ko‘rgazmalar ham tashkil etildi. Mehmonlarga milliy liboslar, qo‘l mehnati bilan yaratilgan suvenirlar, sopol va yog‘och o‘ymakorligi namunalari, shuningdek, gastronomik merosimiz namoyish etildi. Tadbir yakunida esa Samarqand oshi tayyorlanib, forum ishtirokchilariga milliy taomlar tortiq qilindi.
Ushbu tadbir Indoneziya bilan hamkorlikni rivojlantirish va Samarqandning xalqaro turizm maydonida yanada mustahkam o‘ringa ega bo‘lishi yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.