“Jibek Joly” sayyohlik poyezdi Samarqandga yetib keldi

Joriy yilning 5-yanvar kuni “Jibek Joly” (Ipak yo‘li) sayyohlik poyezdi o‘zining navbatdagi manzili — Samarqand shahriga yetib keldi. Tantanali kutib olingan ushbu poyezd ikki mamlakatni bog‘lab turuvchi muhim turizm loyihasi bo‘lib, Olmaota, Turkiston, Toshkent, Samarqand va Chimkent kabi tarixiy shaharlarni qamrab oladi.
100 nafardan ortiq yo‘lovchi – jurnalistlar, sayyohlik kompaniyalari vakillari va turistlar qulay poyezdda safar qilib, ikki mamlakatning tarixiy va madaniy merosi bilan tanishishmoqda.
Sayohat nafaqat diqqatga sazovor joylarni tomosha qilishni, balki o‘zaro madaniy aloqalarni mustahkamlashni ham o‘z ichiga oladi. Poyezd safari davomida B2B uchrashuvlari tashkil etilib, O‘zbekiston va Qozog‘iston turizm sohasidagi biznes vakillari uzoq muddatli hamkorlik masalalarini muhokama qiladilar.
Mazkur loyiha Markaziy Osiyoda ichki va xalqaro turizmni rivojlantirish, turistik marshrutlar tarmog‘ini kengaytirish va mintaqaning jozibasini yanada oshirishga xizmat qiladi.