Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislari tomonidan O‘zbekistonda ichki turizmning rivojlanishi bilan bog‘liq holatni baholash maqsadida onlayn so‘rov o‘tkazildi.


Photo

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislari tomonidan O‘zbekistonda ichki turizmning rivojlanishi bilan bog‘liq holatni baholash maqsadida onlayn so‘rov o‘tkazildi. Unda mamlakatimizning barcha viloyatlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent shahridan jami 1282 nafar respondent ishtirok etdi.

So‘rov natijasi O‘zbekistonda ichki turizmning intensivlik darajasi yuqori emasligini ko‘rsatdi. Xususan, respondentlarning 34,7 foizi sayohat qilmasligini, 42,0 foizi yilda bir marotaba, 14,4 foizi har uch oyda bir marotaba sayohat qilishini qayd etgan.

So‘rov mamlakatimiz bo‘ylab amalga oshirilayotgan sayohatlarning deyarli 50 foizi 4 ta hudud, ya’ni Samarqand (15,8 foiz), Buxoro (9,4 foiz), Toshkent (10,6 foiz) viloyatlari va Toshkent shahri (11,4 foiz)ning hissasiga to‘g‘ri kelishini ko‘rsatdi. 

Sayohatni qaysi ko‘rinishda amalga oshirasiz, degan savolga respondentlarning 81,2 foizi mustaqil ravishda, 15,5 foizi ish joyidan uyushtirilgan holda, 2,4 foizi turoperatorlar yordamida, deya javob bergan.  

Turizm yo‘nalishlariga kelganda, so‘rov qatnashchilarining 17,6 foizi tog‘ va tog‘oldi hududlarida dam olishni, 17,1 foizi oilaviy turizmni, 22,6 foizi ziyorat turizmini, 11,5 foizi madaniy va ma’rifiy turizmni afzal ko‘rishini qayd etgan.

Shuningdek, respondentlarning 5,7 foizi sanatoriy-kurortlarda dam olishni, 3,5 foizi yoshlar va ekstremal turizmni, 3,0 foizi ishbilarmonlik turizmini, 6,1 foizi ekoturizmni ma’qul ko‘rishini ma’lum qilgan. (https://imrs.uz/publications/articles-and-abstracts/local_tourism)