Malayziyada “O‘zbekiston” turistik yo‘nalishi ko‘rsatkichi o‘rnatildi


Photo

Malayziyaning Perlis shtatidagi “Wang Kelian” tepaligida “O‘zbekiston” turistik yo‘nalishi ko‘rsatkichi o‘rnatildi. 

Nepal, Bruney, Kanada va boshqa davlat ko‘rsatkichlari bilan bir qatorda o‘rnatilgan O‘zbekiston ko'rsatkichiga “Wang Kelian” tepaligidan yurtimizgacha bo‘lgan masofa 5,218 km ekanligi qayd etilgan.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston va Malayziya o'rtasida turizm sohasidagi hamkorlik izchil davom ettirilmoqda. Xususan, 2022-yilda Malayziyaga tashrif davomida ikki mamlakat o‘rtasida ziyorat turizmini yanada rivojlantirish, sayyohlar oqimini ko‘paytirish uchun mamlakatlar o‘rtasida muntazam to‘g‘ridan-to‘g‘ri havo qatnovini yo‘lga qo‘yish va narxlarni muqobillashtirish masalasi ilgari surilgan edi.

Qolaversa, Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov va Malayziyaning turizm, sanʼat va madaniyat vaziri Nansi Shukri o‘rtasidagi  uchrashuvda Malayziyadan doimiy ravishda ziyoratchilar safarini tashkillashtirish borasida kelishib olingan edi.

Bundan tashqari, Malayziya bilan nafaqat turistlar oqimi, balki ziyorat turizmi sohasidagi malakali mutaxassislar safini kengaytirish borasida ham hamkorlikka kelishilgan.  

Ma'lumot uchun, “Wang Kelian” dengiz sathidan 304 metr balandlikda joylashgan bo'lib,  ushbu sayyohlik markazi bevosita tropik o‘rmon manzarasiga tutashgan.
uzbektourism.uz