«Oilaviy mehmon uylari, xostellar, o‘tovli va chodirli oromgohlar faoliyatini tashkil etish, ushbu sohada davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida»
Vazirlar Mahkamasining 27.11.2023 yildagi «Oilaviy mehmon uylari, xostellar, o‘tovli va chodirli oromgohlar faoliyatini tashkil etish, ushbu sohada davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida»gi 622-son qarori qabul qilindi.
Oilaviy mehmon uyi – mehmon uyida uy egasining oila aʼzolari bilan birga yashash tamoyili bo‘yicha bir vaqtning o‘zida 10 nafargacha tashrif buyuruvchilarga (turistlarga) vaqtincha yashash va (yoki) ovqatlanish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatuvchi xususiy uy-joy. Bunda har bir yashovchi shaxsga 3 metr kvadrat turar joy maydoni to‘g‘ri keladi.
Mehmon uylari faoliyatini tashkil etishda tegishli shart-sharoitlar, xususan, zarur moddiy-texnik bazasini yaratish, xizmat ko‘rsatishning zarur darajadagi sifatini va turistlarning xavfsizligini taʼminlash kerak.
Mehmon uylari, xostellar, o‘tovli va chodirli oromgohlarning faoliyati ularni Turizm qo‘mitasi tomonidan yuritiladigan reyestrga kiritish yo‘li bilan tashkil etiladi.
Shunga o‘xshash faoliyatni tashkil etish istagini bildirgan shaxs Davlat xizmatlari markaziga shaxsan o‘zi kelib murojaat qiladi yoki YAIDXPda ro‘yxatdan o‘tadi. Bunda so‘rovnoma to‘ldiriladi va unga tegishli hujjatlar ilova qilinadi.
Turizm qo‘mitasining (vakolatli organning) hududiy bo‘linmalari hujjatlarni ular kelib tushgan paytdan boshlab 3 ish kuni mobaynida ko‘rib chiqadi.
Hujjat bilan quyidagilar tasdiqlandi:
· Oilaviy mehmon uylari, xostellar, o‘tovli va chodirli oromgohlar faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi nizom;
· Oilaviy mehmon uylari, xostellar, o‘tovli va chodirli oromgohlarni Oilaviy mehmon uylari, xostellar, o‘tovli va chodirli oromgohlar yagona reyestriga kiritish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning maʼmuriy reglamenti.
Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 28.11.2023 yildan kuchga kirdi.