O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 27 iyuldagi PQ-238-sonli qaroridan


Photo

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 27 iyuldagi PQ-238-sonli "TURIZM YO‘NALISHIDAGI ISLOHOTLARNI YANADA JADALLASHTIRISH VA SOHADA DAVLAT BOSHQARUVI TIZIMINI SAMARALI TASHKIL QILISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA"gi qaroridan:

 

Mehmonxonalar sonini va ularda xizmat ko‘rsatish sifatini oshirishni davlat tomonidan moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2024-yil 1-yanvardan boshlab:

a) 3 yulduzli toifa uchun 60 ta xonadan kam bo‘lmagan, 4 va 5 yulduzli toifa uchun 120 ta xonadan kam bo‘lmagan xonalar fondiga ega besh qavatdan past bo‘lmagan mehmonxona 2026-yil 31-dekabrga qadar foydalanishga topshirilgan taqdirda, mehmonxona toifasi tasdiqlangach, investorlarning yangi mehmonxonani qurish (rekonstruksiya qilish bundan mustasno) va jihozlash uchun ketgan xarajatlarining bir qismini O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan quyidagi miqdorlarda qoplab berish tizimi joriy qilinsin:

3 yulduzli toifaga ega mehmonxonalardagi har bir xona uchun 40 million so‘m;

4 va 5 yulduzli toifaga ega mehmonxonalardagi har bir xona uchun 65 million so‘m.

Bunda, respublika bo‘yicha toifali (yulduzli) mehmonxonalar mavjud bo‘lmagan tuman (shahar)larda yangidan quriladigan mehmonxonalarga, mazkur xarajatlar quyidagi tartib asosida 50 foizga oshirilgan miqdorda qoplab berilishi belgilansin:

dastlabki 2 ta 4 yoki 5 yulduzli toifaga ega mehmonxonalarga;

dastlabki 3 ta 3 yulduzli toifaga ega mehmonxonalarga;

 

b) 2026-yil 31-dekabrga qadar dunyoning taniqli va nufuzli mehmonxona brendlaridan (mehmonxona brendlarining top-50 va mehmonxona tarmoqlarining top-5 reytingiga kirgan) foydalanuvchi O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari bo‘lgan tashkilotlarning royalti xarajatlari franchayzing to‘g‘risidagi shartnoma kuchga kirgan vaqtdan boshlab uch yil mobaynida O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan quyidagi miqdorda qisman moliyalashtirilsin:

3 yulduzli toifaga ega mehmonxona uchun — mehmonxonaning har bitta xonasi uchun yillik 200 AQSh dollari ekvivalentida;

4 yulduzli toifaga ega mehmonxona uchun — mehmonxonaning har bitta xonasi uchun yillik 400 AQSh dollari ekvivalentida;

5 yulduzli toifaga ega mehmonxona uchun — mehmonxonaning har bitta xonasi uchun yillik 600 AQSh dollari ekvivalentida.

Bunda, mazkur bandning “a” va “b” kichik bandida nazarda tutilgan subsidiyalarni qoplab berish uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga har yili 150 milliard so‘m yo‘naltiriladi;

 

v) 2025-yil 1-yanvarga qadar toifasi (yulduz) bo‘lmagan joylashtirish vositalari uch va undan yuqori toifa (yulduz) olganda, ularning muvofiqlik sertifikatini rasmiylashtirish bo‘yicha xarajatlari Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplab berilsin.