O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida to‘siqsiz turizm infratuzilmasini rivojlantirish va uni rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaroriga muvofiq
2024 yildan boshlab:
- nogironligi bo‘lgan shaxslarning to‘siqsiz harakatlanishi uchun madaniy meros ob’ektlarida ularga shikast yetkazmagan holda pandus, plintus va liftlar hamda ko‘zi ojizlar uchun madaniy meros ob’ektlarining kichraytirilgan o‘lchamdagi maketlari o‘rnatiladi va ular to‘g‘risida Brayl alifbosidagi ma’lumotlar joylashtiriladi;
- temir yo‘l va jamoat transportlarida hamda barcha aeroport, vokzal, avtoshohbekatlarda ularga egalik qiladigan tashkilotlarning o‘z mablag‘lari hisobidan nogironligi bo‘lgan va jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslar uchun sharoitlar, maxsus ko‘tarilish panduslari va qulay zina tutqichlari o‘rnatiladi hamda kema aravachalari qo‘yiladi.
2027 yil 1 yanvarga qadar Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan:
-Qoraqalpog‘iston Reslublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida ming nafar I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxsga O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilish xarajatlarining 50 foizi, biroq 500 ming so‘mdan oshmagan qismi;
-eshitish qobiliyatini yo‘qotgan nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun surdogidlar tayyorlash kurslari xarajatlarining 50 foizi qoplab beriladi.
2024 yil 1 apreldan 2026 yil 1 aprelga qadar mehmonxona xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlik sub’ektlari turistik (mehmonxona) yig‘imlar summasi hisobidan subsidiya ajratiladi.
Bunda, tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan mehmonxonaning kamida uchta xonasi nogironligi bo‘lgan shaxslar o‘rindiqli aravachadan foydalanishi uchun qulay tarzda jihozlanganda, shuningdek, eshitishi va ko‘rishi uchun displey hamda ovozli qurilmalar o‘rnatilganda, ushbu tadbirkorlik sub’ektlariga har bir maxsus jihozlangan xona uchun quyidagi miqdorlarda subsidiya beriladi:
yulduzli toifadagi mehmonxonalarga - 2 million so‘m;
yulduzli toifa olmagan mehmonxonalarga - 1 million so‘m.