O‘zbekistonda yagona milliy turizm platformasi ishga tushirilmoqda

O‘zbekistonda turizm sohasini raqamlashtirish maqsadida Yagona milliy turizm platformasi ishga tushirilmoqda. Platformadagi kontent 14 tilda taqdim etiladi.
Joriy yilning 10-dekabridan eʼtiboran Vazirlar Mahkamasining "Turizm sohasini raqamlashtirish va turizm xizmatlarini yagona platformada birlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori kuchga kirdi.
Platforma orqali turizm sohasidagi statistik hisobotlar real vaqt rejimida tahlil qilinadi va maʼlumotlar 14 tilda taqdim etiladi.
Hujjatga muvofiq, 2025-yil 1-sentabrdan boshlab tajriba sifatida platforma orqali turar joylashtirish vositalarini bron qilish va baholash, shuningdek, turoperatorlar va turagentlar, jumladan, gidlar, gid-tarjimonlar va ekskursovodlar xizmatlaridan foydalanish imkoniyati yaratiladi.
Bundan tashqari, yoʻnalishli taksi buyurtma qilish va avtomobil transport vositalarini ijaraga olish, avtobus, avia va temir yo‘l chiptalarini, madaniy meros obyektlari, muzeylar va boshqa diqqatga sazovor joylarga kirish chiptalarini xarid qilish imkoniyati paydo bo‘ladi.
Platforma yordamida xalqaro va milliy to‘lov tizimlari orqali turizm xizmatlari uchun to‘lovlarni amalga oshirish ham mumkin bo‘ladi.