Polshada “Samarqand – Yangi O’zbekistonning turizm darvozasi” targ’ibot tadbiri o’tkazildi.

Avval xabar berganimizdek turizm sohasi vakillaridan iborat Samarqand delegatsiyasi Yevropa davlatida bo’lib turibti. Xizmat safari davomida O‘zbekiston Respublikasining Polsha Respublikasidagi elchixonasida “Samarqand – Yangi O’zbekistonning turizm darvozasi” targ’ibot tadbiri o’tkazildi. Tadbirda turizm sohasida faoliyat yuritayotgan Polshaning biznes vakillari hamda polshalik ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.
Tadbir doirasida Samarqand viloyati turizm salohiyati, transport-logistika tizimida sayyohlar uchun yaratilgan imkoniyatlar, turistik kompaniyalari tomonidan yangi turizm mahsulotlari to’g’risida taqdimotlar tashkil etildi.
Tashrif buyuruvchilarga Samarqandning gastronomik turizm salohiyati, sharq shirinliklari, Samarqand nonlari ko’rgazmasi namoyish etildi hamda Samarqand oshi tayyorlanib mehmonlarga tortiq etildi.