Rossiyalik jurnalist va blogerlar Samarqandda

20-mart kuni Rossiya Federatsiyasi Uzoq Sharq federal okrugining OAV vakillari va blogerlari yurtimizga tashrif buyurdi. Info tur O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligi hamda yurtimizning Vladivostok shahridagi Bosh konsulxonasi hamkorligida tashkil etildi.
Tashrifdan maqsad mamlakatimizning madaniy va turizm salohiyati bilan Rossiya federatsiyasi fuqarolarini yaqindan tanishtirish hamda ushbu okrugidan tashrif buyuruvchi sayyohlar sonini oshirishdir.
Ta’kidlash kerakki, rossiyalik OAV vakillari yurtimizning turizm salohiyatini bir-birini mavzu jihatidan takrorlamaydigan teledasturlar orqali targ‘ib etishni rejalashtirishgan. Tashrif dasturiga ko‘ra, OAV vakillari bugungi O‘zbekiston hududida rivojlangan tarix, madaniyat va turli tamaddunlarga xos, qadimiy madaniy me’ros durdonalari bilan yaqindan tanishishmoqda.
Shuningdek, yurtimizda so‘nggi yillarda barcha sohalarda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida rus xalqi auditoriyasi uchun sifatli kontent tayyorlanmoqda.
Infotur davomida turistik shaharlarimizda mavjud madaniy meros obyektlari, qolaversa, Samarqand viloyatida barpo etilgan muhtasham yangi aeroport, turistik shahar, “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetiga tashrif buyurish, u yerdagi yangi ta’lim tizimi va sohada malakali kadrlar yetkazish uchun joriy etilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishish hamda “Samarqand – Yangi O‘zbekistonning turizm darvozasi” konsepsiyasiga doir media kontent tayyorlash ko‘zda tutilgan.