Samarqand 2025-yilda YuNESKO Bosh assambleyasining 43-sessiyaga mezbonlik qiladi.


Photo

2023-yilning noyabr oyida Parijda boʻlib oʻtgan YuNESKO Bosh assambleyasining 42-sessiyasida navbatdagi, 2025-yilda boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan 43-sessiya Oʻzbekistonning tashabbusi bilan Samarqand shahrida boʻlib oʻtishi qarori qabul qilindi. Eʼtiborlisi shundaki, taʼlim, ilm-fan, madaniyat, ekologiya va boshqa global masalalar muhokama qilinuvchi ushbu xalqaro siyosiy tadbir 40 yilda birinchi marotaba Parijdan tashqarida boʻlib oʻtadi.

Mazkur global miqyosdagi muhim tadbirni eng yuqori saviyada tashkil etish va oʻtkazish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining "2025 yilda YuNESKO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasining Samarqand shahrida o‘tkazilishiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-128-sonli qarori qabul qilindi. Qarorga binoan, sessiya Silk Road Samarkand sayyohlik majmuasida boʻlib oʻtadi. Tadbirga yuksak saviyada tayyorgarlik koʻrish uchun tuzilgan Tashkiliy qoʻmita sessiyani oʻtkazish bilan bogʻliq barcha masalalarni hal qilib boradi. Xususan, Samarqand shahrida tadbirlar o‘tkaziladigan joylarni zamonaviy texnik va telekommunikatsiya uskunalari bilan jihozlash hamda Toshkent va Samarqand shaharlaridagi obyektlar va zarur bo‘lgan mehmonxona fondini tayyorlash vazifasi yuklatilgan.

Hozirda ushbu xalqaro siyosiy tadbirga puxta tayyorgarlik koʻrish boʻyicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Shu munosabat bilan, joriy yilning 6-10 avgust kunlari Samarqandda Oʻzbekiston va YuNESKO tashkiloti tomonlari masʼul xodimlari ishtirokida muzokaralar olib borildi. Samarqand avval ham bir qancha xalqaro tadbirlar va yirik tashkilotlar sammitlarini oʻtkazishda ulkan tajribaga egaligini inobatga olinadigan boʻlsa, boʻlajak katta tadbir ham yuqori darajada oʻtkazilishiga shak-shubha yoʻq.

Maʼlumot uchun, 1945 yilda tashkil etilgan va bosh qarorgohi Parijda joylashgan YuNESKO BMTning ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti bo‘lib, bugungi kunda unga jami 193 ta davlat, jumladan, O‘zbekiston ham a’zo. O‘zbekiston 1993 yil 26 oktyabrda YuNESKOga a’zo bo‘lgan.