Samarqandda aholi bandligini oshirishga qaratilgan turizm oʻquv kurslari tashkil etildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "2025-yilda aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari bo‘yicha" PQ-12-sonli qarori asosida hududlarda yangi ish o‘rinlarini yaratish, tadbirkorlikni rivojlantirish va aholining daromadlarini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Ushbu qarorga muvofiq, turizm salohiyati yuqori bo‘lgan mahallalarda yangi xizmatlarni joriy etish hamda aholini turizm sohasida ish bilan ta’minlash rejalashtirilgan.
Xususan, turizm salohiyati yuqori bo‘lgan 53 ta mahallada yangi xizmatlarni yo‘lga qo‘yish orqali 1 359 nafar fuqaroning bandligini ta’minlash va yiliga 2,5 million xorijiy va mahalliy sayyohlarni jalb qilish ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, 40 ta mahallada turizm xizmatlarini rivojlantirish, 121 ta yangi xizmat turlarini joriy etish, 77 ta o‘quv kurslarini tashkil etish, 264 ta mehmon uyi va boshqa turistik joylashtirish vositalarini yaratish, shuningdek, 33 ta mavsumiy kemping nuqtalarini tashkil etish rejalashtirilgan.
Mazkur dasturning ijrosini ta’minlash maqsadida Samarqand viloyatida ham qator amaliy ishlar olib borilmoqda. Xususan, joriy yilning 13-fevral sanasida Samarqand shahridagi Malika Prime mehmonxonasida Go‘ri Amir MFYda yashovchi fuqarolar uchun turizm sohasiga oid o‘quv kursi tashkil qilindi. Ushbu kurs mahalliy aholining kasbiy malakasini oshirishga qaratilgan bo‘lib, ishtirokchilarga sayyohlik xizmatlarini yo‘lga qo‘yish, mehmondo‘stlik qoidalari va tadbirkorlik asoslari bo‘yicha muhim bilimlar berildi.